23 noyabr kuni Shayxontohur tumanidagi ahvol bilan tanishish jarayonida prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda jinoyatchilar orasida «soliq yig‘uvchi» guruhlar paydo bo‘lgani, ular bozorlardan va hatto davlatdan soliq olishayotganini aytgandi. Kun.uz IIV, Toshkent shahar IIBB va prokuraturasidan davlat rahbari soliq yig‘uvchilar deganda kimlarni nazarda tutgani yuzasidan izoh oldi.
Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov zo‘rlik ishlatish orqali tadbirkorlar va fuqarolardan ulush olib yurgan guruhlar paydo bo‘lgani, davlat rahbari bunday holatlarga barham berish lozimligi haqida topshiriqlar berganini ta’kidladi.
«Ayrim holatlarda haqiqatan [soliq yig‘uvchi guruhlar faoliyati] kuzatildi. Ko‘chalarda tekin «stoyanka»ga fuqarolar mashinasini qo‘yishayotganda buning uchun pul talab qilingan holatlar kuzatildi.
O‘rnatilgan tartibdagi vaqtdan kech, ya’ni tungi vaqtda ishlayotgan oshxona va aholiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa shoxobchalardan ayrim fuqarolar ulush talab qilgan holatlar bor. Davlatimiz rahbari umumiy tarzda shu haqda aytib o‘tdilar. Bu narsaga chek qo‘yish kerak, bu boshqa takrorlanishi mumkin emas dedilar.
Haqiqatan ham bu kabi holatlar bir necha marta kuzatildi. Bu o‘z vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda ham yoritilgan. Bu faqat Toshkent shahriga tegishli emas, butun respublikaga tegishli. Bunday guruhlarni aniqlash va ularning faoliyatiga barham berish tezkor qidiruv formatida amalga oshiriladi. Bu haqiqatan bor narsa, shunga yo‘l qo‘yilayotgani haqida davlat rahbari aniq topshiriq berdi va bu bo‘yicha butun viloyatlar ishlayapti», dedi G‘iyosov.
G‘iyosov bu bilan kriminal avtoritetlar qaytayotganiga ishora qilinmaganini ta’kidladi.
«Ayrim holatlarda lokal joylarda kuch ishlatish orqali boshqa fuqarolarga ta’sir o‘tkazish holatlari kuzatilyapti. Masalan, mardikor bozorlarda kim birinchi, kim ikkinchi bo‘lib ish olishini belgilaydiganlar, tekin «stoyanka»lardagi avtomobillardan pul undirishga urinayotganlar, shuningdek, «petak»lardagi taksichilar qachon mijoz olishini hal qiluvchilar paydo bo‘ldi. Shu narsalarga butunlay chek qo‘yish kerak degan ma’noda gapirildi. Bu boradagi vaziyat o‘rganib chiqilib, tegishli tadbirlar amalga oshiriladi», deydi IIV matbuot kotibi.
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latovning matbuot kotibi Nilufar Isaxonova «ko‘cha», ya’ni kriminal avtoritetlar yana qaytayotganini rad etdi. Shu bilan birga, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi mulozimi jinoyat olamiga kirgan ayrim shaxslar o‘zidan rahnamo yasashga urinayotgani, biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bunga yo‘l qo‘yilmaganini ta’kidladi.
«Jinoiy olam vakillari, ya’ni «ko‘cha yana qaytdi» degan terminni ishlatish, menimcha, noto‘g‘ri. Birorta jinoiy guruh yoki bo‘lmasa jinoyat yo‘liga kirgan ayrim shaxslar o‘zidan rahnamo yasab olishga harakat qilmoqda. Jumladan, noqonuniy savdo qiladigan shaxslarni rahnamoligiga olgan, ularning noqonuniy savdo qilishiga sharoit yaratib beradigan yoki ulardan ma’lum bir miqdorda noqonuniy soliq yig‘uvchi shaxslarni ham aniqlayapmiz. Ularga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rilyapti, jinoyat ishi ochilyapti, aybi isbotlangandan so‘ng jinoyat ishlari sudga yuborilmoqda», deydi Isaxonova.
Uning ta’kidlashicha, katta ehtimol bilan davlat rahbari ham «soliq undiruvchi guruhlar» deganda ham aynan jinoyatchi guruhlarni, ya’ni o‘zidan «ko‘cha yasab olgan» jinoyat olami vakillarini nazarda tutgan. Rasmiy bundaylarni kriminal «avtoritet» deb bo‘lmasligi, chunki bunday tushunchalarga mustaqillikning ilk yillaridayoq barham berilgani, jinoyat olamining obro‘li shaxslari javobgarlikka tortilganini aytib o‘tdi.
Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimovning matbuot kotibi Xurshida Rahmonova telefon orqali suhbatda prezident tomonidan berilgan topshiriqlardan so‘ng ushbu yo‘nalishdagi ishlar nazorati kuchaytirilganini aytmoqda.
«Holat bo‘yicha o‘shandan keyin shahar prokuraturasi, soliq, departament, IIBB bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzildi. Shahar prokurori Toshkent shahar IIBB boshlig‘i bilan har bitta bozorga birgalikda tashrif buyurib, hammasini o‘zlari o‘rganib chiqishdi.
Lekin «ko‘cha qaytdi» deyish noto‘g‘ri bo‘lishini aytishdi. Ayrim shaxslar o‘zidan rahnamo yasashga harakat qilgan holatlar bor ekan, ushbu holatlar IIBB va shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. Bu kabi holatlar aniqlangan taqdirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, har bitta ish avtomatik tarzda shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olinadi va bu haqda shahar prokuroriga hisobot qilinadi.
Ayniqsa, prezident topshiriq berganidan keyin IIBB va shahar prokuraturasi yanayam jiddiy kirishdi, bu boradagi ishlarning nazorati kuchaytirildi», deydi shahar prokurori katta yordamchisi Xurshida Rahmonova.
U jinoyat olam vakillarining qayta oyoqqa turishiga, noqonuniy faoliyatlarini tiklashiga yo‘l qo‘yilmasligini qat’iy ta’kidladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mulozimlari kimlardir o‘zini «kriminal avtoritet» sifatida tanishtirib, tadbirkorlardan ulush talab qilsa yoxud kimlardandir ololmayotgan qarzlarini undirib berishini aytsa, bu haqda zudlik bilan vakolatli idoralarga xabar berishlarini so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 23 noyabr kuni Shayxontohur tumanida Toshkent shahri va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari va faollar ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov va shahar prokurori Ulug‘bek Qosimovning bu boradagi faoliyatini tanqid qilgandi.
Davlat rahbaridan dakki olgan mas’ullar 5 dekabr kuni Bektemir tumanidagi vaziyatni o‘rganishga chiqqan, o‘rganish davomida Qo‘yliq bozori atrofidagi hududlar jinoyatchilik o‘chog‘iga aylangani bilan bog‘liq holat tanqidiy muhokama qilingani haqida xabar berilgandi.
Biroq rasmiy xabarlarda kriminal olam vakillaridan necha kishi qo‘lga olingani yoxud prezident aytganidek, bozorlardan, davlatdan soliq oladigan guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish ishlari nimadan boshlanishi haqida ma’lumot berilmagan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi