07:30 / 27.12.2021
2 561

Madaminbek ruslarga qarshi kurashmagan!

Madaminbek ruslarga qarshi kurashmagan!
"Madaminbek. Qonli gullar vodiysi" romani e’lon qilinganidan so‘ng turli savollar berila boshlandi: "Madaminbek rosa ruslarni qiyratgan ekan!" "Qo‘rboshilar ruslarni yengay deb turishganda bo‘linib ketishgan ekanda!.."

O‘sha davr voqealarini o‘zbek va rus, musulmon va nasoro qarama-qarshiligi sifatida baholash o‘ta mantiqsizlik, ham ilmsizlik.

Nima uchun?

Birinchidan, bu harakat ruslar yoki yevropaliklarga (o‘sha vaqtda Turkistondagi chex, slovak, nemis, venger, polyak kabi) qarshi bo‘lmagan. Bu milliy-istiqlolchilik kurashi edi. Bundan tashqari, Madaminbek shtabida qirqqa yaqin rus zobiti xizmat qilgan, armiyasini janglarga tayyorlagan. Ular orasida eng mashhurlari Nikolskiy, aka-uka Sitnyakovskiylar, Lazarevich, Kornilov... Ro‘yxat juda uzun.

1918 yil martida Madaminbek Turkiston xalqlariga murojaatnoma yo‘llaydi. Unda bolsheviklarga qarshi bo‘lganlar, millati, dini, irqidan qat’iy nazar musulmon qo‘rboshilar himoyasida bo‘lishi aytiladi. Shu murojaatnomadan so‘ng ko‘plab nasroniylar, cherkov xizmatchilari Madaminbek himoyasida bo‘lishni afzal bilishadi. Bolsheviklarning diniy siyosatdagi ishlari hammamizga ma’lum.

1918 yil kuzida admiral Kolchakning elchilari Madaminbek huzuriga kelishadi va unga rus armiyasi polkovnigi unvonini berishadi. Admiral Kolchakning o‘zi Rossiyada bolsheviklarga qarshi kurash olib borayotgan qo‘mondon edi. Kolchakning elchilari podshoh Nikolayning ishongan generali Lavr Georgiyevich Kornilovning ukasi polkovnik Pyotr Georgiyevich Kornilov va polkovnik Ivan Matveyevich Zaysev edi. Har ikki polkovnik Madaminbekka admiral Kolchakning taklif-mulohazalarini yetkazishadi. Shu tariqa, har ikki tomon – admiral Kolchak va Madaminbek o‘rtasida ittifoqchilikka harakat boshlanadi. Polkovnik Kornilov va polkovnik Zaysevlar, keyinchalik, Madaminbekning xizmatida qolishadi. Ular Madaminbekning harbiy shtabida faoliyat olib borishadi.

1919 yil o‘rtalaridan Rus krestyanlari Turkistondagi sho‘ro hukumati qarorlaridan norozi bo‘layotgan, kelisha olmayotgan va bu holatdan chiqishda Madaminbekni asosiy hamkor sifatida ko‘rayotgan edi. 1919 yil sentyabrida Jaloloboddagi Blagoveshensk qishlog‘ida Rus-Krestyanlar armiyasi qo‘mondonlarining majlisi o‘tkaziladi. Bu majlisda sho‘rolarni tan olmay, Madaminbek bilan harbiy ittifoq tuzish ma’qullanadi. Shu tariqa, Madaminbek O‘sh va Jalolobod shahrida yashayotgan Rus-Krestyan armiyasi qo‘mondonlari, general Alekseyev va polkovnik Monstrovlar bilan harbiy ittifoq tuzadi. Mazkur ittifoq bir muddat sho‘rolarga qarshi muvaffaqiyatli urushlar olib boradi.
Turkistondagi kurash Rossiyadagi "oqlar" va "qizillar" kurashganidek, g‘oyalar jangi ham edi.

Bundan tashqari, Qizil armiya saflarida qo‘rboshi va yigitlarga qarshi kurashayotgan ruslarga nisbatan Madaminbekning munosabati ham e’tirofga loyiq. Madaminbek har qanday vaziyatda dushman tomonida turgan ruslarga rahm-shafqatni ustun qo‘ygan. Birgina misol vositasida fikrimizni dalillashga harakat qilamiz.

1919 yil boshlarida Madaminbekning qarorgohi Norin daryosi bo‘yidagi Qorateri qishlog‘i bo‘lgan. Bu yerda o‘ziga xos qo‘rg‘on tiklangan va Madaminbekning harbiy shtabi shu yerda ishlagan. Qizil armiya 1919 martida katta qo‘shin bilan Madaminbekka qarshi yuradi. Har ikki qo‘shin o‘rtasidagi jang Baliqchi yonida, Norin va Qoradaryo qo‘shilib, Sirdaryo boshlanadigan joyda bo‘lib o‘tadi. 3 kunlik jangda juda katta mashaqqatlar bilan Madaminbek boshliq musulmon qo‘shin g‘alaba qozonadi va Qizil armiyaning 2000 kishilik qo‘shini asir olinadi. Asirlarning 1300 nafari ruslar, 700 nafari arman dashnoqlari edi. Madaminbek ruslarni avf etib, Namanganga qaytarib yuboradi. Arman dashnoqlariga esa shafqat ko‘rsatilmaydi.

Ushbu tarixiy haqiqatlarning o‘ziyoq Madaminbek ruslarga emas, balki tuzumga, mustamlakachilik siyosatiga qarshi bo‘lganini ko‘rsatadi. Va uning qo‘shinidagi ruslar Madaminbek o‘ldirilgunicha unga xizmat qilishadi. Farg‘onadagi aksariyat ruslar va yevropaliklar Madaminbekni tan olishadi...

Baxtiyor Abdug‘afur

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Madaminbek ruslarga qarshi kurashmagan!