1 045
Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlarni ogohlantirish maqsadida ularga murojaat yo‘lladi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlarga murojaat yo‘lladi. Hokim o‘z murojaatida tadbirkorlarni o‘z faoliyati davomida noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslikka chaqirdi. Xususan, hokim tadbirkorlarni yer sotib olishni taklif qilgan odamlarga ishonmaslikka chaqirgan.
«Tadbirkorlik ob’ektlarini barpo etishda, albatta, yer uchastkasini ajratish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Shu bois 2021 yil iyun oyida prezidentimizning tarixiy farmoni qabul qilinib, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibi joriy etildi. Xususan, tadbirkorlik ob’ektlarini qurish uchun yer uchastkalari faqat elektron onlayn-auksion orqali ajratilishi belgilandi.
Tuman (shahar) hokimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer maydoni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati bekor qilindi.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi, eng avvalo, xalqni rozi qilish, shaffoflikni ta’minlash, tadbirkorlarga har tomonlama ochiq bo‘lgan sharoitlarni yaratish hisoblanadi.
Shunga qaramasdan, joylarda hanuzgacha yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilmalarni qurish, yengil qurilmalarni o‘rnatish, avtobus bekatlari o‘rnida hech bir ruxsatsiz savdo do‘konlarini qurish kabi salbiy holatlar ko‘plab uchramoqda.
Ayniqsa, bunday qurilmalarning aholi yashash massivlari ichida, yo‘lning himoya hududlarida, katta bosim ostida bo‘lgan suv, gaz quvurlari o‘tkazilgan himoya hududlarida barpo etilishi holatlari aholi tinchligi va xavfsizligiga, tashqi muhandislik tarmoqlarini qisqa muddatlarda ta’mirlashga salbiy ta’sir qilmoqda.
So‘nggi vaqtlarda o‘zining tanishlari orqali yer olib berishni va’da qilayotgan yoki turli soxta «qarorlarni» ko‘rsatib, kadastr hujjatini keyin hal qilib berishga ishontirib, yer sotib olishni taklif etayotgan shaxslar ko‘payib ketdi. Ularga ishonmang», – deydi Ortiqxo‘jayev.
Poytaxt hokimi murojaatida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerda qurilgan binolarni buzish haqida ham gap ketgan.
«Tadbirkor mulkini buzish, unga zarar yetkazish bizning maqsadimiz emas.
Ammo amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerda qurilgan bino va inshootlarning mulk huquqi e’tirof etilmaydi. Aksincha, ushbu yerni davlat zaxirasiga qaytarish uchun qurilgan binolar hech qanday kompensatsiya to‘lanmasdan buziladi hamda aybdor shaxslar jazoga tortiladi.
Bunda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini davlatga qaytarish Yer kodeksiga muvofiq, hokimlarning qaroriga yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Albatta, turli qonunga xilof yo‘llar va hujjatlarsiz olingan yerlar noqonuniy bo‘lib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrar hisoblanadi.
Poytaxtimiz aholisi va deputatlarimizdan ham o‘zlari yashayotgan hududlarda noqonuniy ravishda o‘rnatilayotgan yengil qurilma do‘konlar, fastfud shoxobchalari va avtobus bekatlari o‘rnida qurilayotgan do‘konlar haqida o‘z vaqtida vakolatli idoralarga xabar berishlarini, atrofdagi voqeliklarga befarq bo‘lmasliklarini iltimos qilardim», – deydi hokim.
«Tadbirkorlik insondan katta jasorat, aql, mehnat va mablag‘ talab qiladi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekansiz, o‘z mablag‘ingizni ehtiyot qilib, yer olish uchun auksionda ishtirok etib, yerning qonuniy egasi bo‘ling.
Noqonuniy harakatlarga aralashib mablag‘ingizga kuyib qolmang, aldanmang, sarmoyangizni to‘g‘ri sarflang!
O‘z biznesingiz uchun bino yoki yer uchastkasini sotib olishdan oldin vakolatli organlarning mutaxassislari, malakali huquqshunoslar va advokatlardan maslahat olishingizni iltimos qilaman!», – deya murojaatini yakunlagan Ortiqxo‘jayev. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi