10:59 / 26.02.2022
939

DXX Samarqandda ikkita uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi

DXX Samarqandda ikkita uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi
Foto: DXX
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan tadbirkorlik niqobi ostida fuqarolarga tan jarohati yetkazish, avtomobil olib qochish, talonchilik qilish, pul undirish kabi jinoiy xatti-harakatlarni sodir etgan ikkita jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1978 yilda tug‘ilgan Makar laqabli J.M. (muqaddam sudlangan) 1975, 1984, 1985, 1989 yillarda tug‘ilgan besh nafar fuqaroni atrofiga birlashtirib, jinoiy guruh tashkil qilgan. Ular 2021 yilning aprel oyida jabrlanuvchi bir fuqaroga tan jarohati yetkazib, raqamsiz Malibu avtomashinasida majburan Cho‘ponota tepaligida joylashgan hovliga olib borib, 3 kun davomida tahqirlab kelgan.

Buni mobil telefonga tasvirga olib, ushbu holatlar bo‘yicha shikoyat qilsa yoki qarzlarini talab qilsa, videolarini ijtimoiy tarmoqlarga chiqarish bilan qo‘rqitgan.

2021 yil fevral oyida jabrlanuvchi katta miqdordagi pulini Makardan talab qilganda, uni «Bo‘zi» MFYdagi umumiy ovqatlanish joylaridan biriga olib kirib, urib, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, pullarini bermasligini aytgan. Jabrlanuvchi esa Makarning giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishi va tarqatishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni huquq-tartibot idoralari xodimlariga yetkazishini ma’lum qilgan.

Shunda Makar qarzlarini qaytarmaslik maqsadida sheriklari orqali jabrlanuvchini aldab chaqirib, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, urib, tan jarohati yetkazgan va uning ikkita telefonini xotirasida giyohvandlik moddalari savdosi bo‘yicha dalillar bor degan gumonda sindirib tashlagan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Makarning jinoiy sherigining Spark mashinasida 0,8 gramm opiy giyohvandlik moddasi va yana bir sellofan paket bo‘lagida opiyga o‘xshash giyohvandlik moddasiga o‘xshash modda qoldiqlari borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Bundan tashqari, Makar o‘ziga tegishli yer maydonida tanish tadbirkorlarni chaqirib, hujjatlarni soxtalashtirgan holda, qurilish ishlarini amalga oshirgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Makar va uning jinoiy sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi. Sudlanuvchi M.Q. Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi «i» bandi, 28,137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi «b,v» bandi, 28, 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan sud tomonidan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Uning 5 nafar jinoiy sherigi esa 5 yarim yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Navbatdagi uyushgan jinoiy guruh yetakchisi 1989 yilda tug‘ilgan Isi laqabli P.M. (muqaddam sudlangan) Samarqand shahridagi bir qancha tungi klublarni boshqarib, atrofiga sportning turli yo‘nalishlari bilan muntazam shug‘ullangan 1989, 1997, 1985 va 1983 yillarda tug‘ilgan tungi klub ishchi xodimlarini jinoiy to‘daga birlashtirgan. Ular turli zo‘ravonlik, firibgarlik hamda tovlamachilik jinoyatlarini sodir etib kelgan.

Jumladan, 2021 yilning 2 iyun kuni jabrlanuvchi fuqaro o‘zining mashinasida Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasida joylashgan oziq-ovqat do‘koniga borgan vaqtda Isi mast holatda uning avtomashinasini olib qochmoqchi bo‘lgan. Lekin maqsadiga yetolmagan. Shundan so‘ng jabrlanuvchini haqorat qilib, unga tan jarohati yetkazgan.

2021 yilning 6 iyun kuni esa Isi va uning jinoiy sheriklari yana o‘sha jabrlanuvchini ushlab olib, bo‘ynidan bo‘g‘ib, yuz va bosh qismiga tan jarohatlari yetkazgan.

Shuningdek, do‘konga tanishlari bilan kirib, sotuvchilarni hech bir sababsiz haqorat qilib, tan jarohati yetkazish bilan qo‘rqitib, do‘kondagi mahsulotlarni har tomonga uloqtirib, qimmatbaho mahsulotlarni ochiqdan ochiq olib chiqib ketgan.

Bundan tashqari, Isi yengil tabiatli qizlar orqali ayrim tadbirkorlarga bo‘htonlar uyushtirgan va 5 ming dollargacha pul berishini talab qilib kelgan. Isiga tegishli bo‘lgan tungi klublarning barchasi elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangani, aksiz markasiz spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari sotib kelgani ma’lum bo‘lgan.

Olib borilgan tintuv jarayonida Isiga qarashli tungi klublarning birida ishlaydigan ishchining yonidan 1000 so‘mlik kupyuraga o‘ralgan marixuana giyohvandlik vositasi aniqlanib, hujjatlashtirilgan. Holat yuzasidan Isi va uning jinoiy sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.

Sudlanuvchi P.M. Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi «v» bandi, 166-moddasi (talonchilik) 1-qismi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «b» bandi va 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Uning jinoiy sheriklaridan bir nafari 5 yil muddatga qamaldi, qolgan 3 nafariga nisbatan turli jazo choralari qo‘llanildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX Samarqandda ikkita uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi