
Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalari bank plastik kartochkalaridan pul mablagʻlarini oʻgʻirlik yoʻli bilan talon-toroj qilganlik uchun ogʻirlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi yangi norma bilan toʻldirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Qodir Joʻraev xabar berdi.
«Ayrim nopok shaxslar tomonidan elektron toʻlov vositasidan yoki masofiviy xizmat koʻrsatish tizimidan foydalangan holda firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlarini sodir etish holatlari kuzatilmoqda.
Agar 2020 yilda ushbu turdagi huquqbuzarliklar yuzasidan ichki ishlar organlariga 965 murojaat kelib tushgan boʻlsa, 2021 yilda bunday murojaatlar qariyb ikki barafarga koʻpayib, 1601 tani tashkil etdi.
Birgina 2021 yilda bank plastik kartochkalaridan pul mablagʻlarini oʻgʻirlash yuzasidan jami 610 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, fuqarolarga 4 mlrd. 495,5 mln. soʻm zarar etkazilgan.
Shu sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga muvofiq bu kabi qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalariga qoʻshimcha kiritish taklif qilinmoqda. Qonun loyihasida ushbu turdagi jinoyatlarni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholash va jazoni yanada kuchaytirish taklif qilinmoqda», deb yozadi Qodir Joʻraev.
Qayd etilishicha, qonun qabul qilingan taqdirda:
- firibgarlik jinoyati axborot texnologiyalaridan yoki elektron toʻlov vositasi yohud masofaviy xizmat koʻrsatish tizimidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
- oʻgʻrilik esa axborot tizimiga ruxsatsiz kirib yoki elektron toʻlov vositasi yohud masofaviy xizmat koʻrsatish tizimidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar