22:12 / 12.03.2022
1 160

Soxta «antikorrupsiya xodimi» 5,5 yilga qamaldi

Soxta «antikorrupsiya xodimi» 5,5 yilga qamaldi
“Facebook” tarmog‘ida Murod Mo‘minov profili ostida o‘zini barchaga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, aldov yo‘li bilan noqonuniy daromad qilayotgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Qayd etilishicha, mazkur shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni o‘z yakuniga yetgan.

Aniqlanishicha, ushbu shaxs o‘zganing mulkini aldash yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida dastlab 2019 yil avgust oyida fuqaro D.S.ning ishonchiga kirib, bankdan 1.5 mlrd AQSH dollarlik kredit olish evaziga katta biznes boshlamoqchi ekanligi va bu biznesida uni o‘ziga ish boshqaruvchi sifatida ishga olishini vaʼda berib, kreditning birinchi to‘lovi uchun undan 110 mln so‘m miqdorida qarz so‘raydi.

2020 yil 22 yanvar kuni notarial tartibda tuzilgan o‘zaro qarz shartnomasida M.Mo‘minov ushbu mablag‘ni 2020 yil 23 avgust kuniga qaytarishni, aks holda o‘zi boshqarib yurgan “Captiva” rusumli avtomashinani D.S.ning nomiga rasmiylashtirib berishni qayd etadi. Shunga qaramay, M.Mo‘minov vaʼdasini bajarmay, pullarni o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi va mashina ham aslida o‘zganing nomida ekanligi maʼlum bo‘ladi.

2019 yilning oktyabr oyida M.Mo‘minov o‘zining jinoiy harakatlarini yana davom ettirib, firibgarlikka takroran qo‘l uradi. Bu gal u fuqaro N.S.ga o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, avtomashina va uy olib berishni vaʼda qilib, undan 11.000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

Maʼlum bo‘lishicha, M.Mo‘minov Agentlik tomonidan o‘tkazilgan rasmiy tadbirlarda boshqa fuqarolar qatorida ishtirok etib, ushbu tadbirlar yuzasidan Internet tarmog‘ida berib borilayotgan foto-video lavhalarni o‘ziga saqlab olgan. Mazkur maʼlumotlarni atrofidagilarga ko‘rsatish orqali o‘zini Agentlik xodimi ekanligiga ishontirishga harakat qilib kelgan. Shuningdek, u Facebook ijtimoiy tarmog‘ida profil ochib, o‘zining Agentlikdagi ish faoliyati to‘g‘risida yolg‘on maʼlumotlarni joylashtirib kelgan.

Bunday firibgarlikdan jabrlangan fuqaro N.S. M.Mo‘minovga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, Agentlik direktori nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani ichki ishlar idorasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Sud hukmiga ko‘ra, M.Mo‘minov O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “a,b”-bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud qarorida M.Mo‘minovdan jabrlanuvchi D.S.ning foydasiga 110 mln so‘m, N.Sning foydasiga esa 130 mln so‘m undirilishi belgilandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Soxta «antikorrupsiya xodimi» 5,5 yilga qamaldi