
Foto: Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi
Samarqand shahrida 21 yoshli qiz xonadoni oldida o‘zining tanishi tomonidan kaltaklandi, deb xabar beradi O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati matbuot xizmati.
Maʼlum qilinishicha, 21 mart kuni Samarqand shahrida U.T. ismli qiz (2000 yilda tug‘ilgan) Bag‘dod ko‘chasidagi xonadoni oldida tanishi X.I. ismli 21 yashar yigit tomonidan kaltaklangan. Voqea joyida yigitning o‘rtog‘i ham bo‘lgani aytilmoqda.
Olingan tan jarohatlari natijasida qizning shifoxonaga yotqizilgani haqida uning onasi “Ezgulik” jamiyatiga maʼlum qilgan va zo‘ravon yigitga nisbatan qonuniy chora ko‘rishda amaliy yordam so‘ragan.

Foto: O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati
Onaning taʼkidlashicha, zo‘ravon yigit qizga uylanish maqsadida bir necha yildan beri harakat qilib kelgan, ammo yigitning tarbiyasi va yurish-turishi sabab bu ish amalga oshmagan.
“Ezgulik” jamiyati tomonidan olib borilgan o‘rganish jarayonida zo‘ravon yigit Oliy Majlis Senati aʼzosi, Samarqand davlat universiteti rektorining yaqin qarindoshi — jiyani ekani aniqlangan.
Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi holatga munosabat bildirib, hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, hozirda jabrlangan qizga himoya orderi berilgan.
«Holat viloyat IIB nazoratiga olingan bo‘lib, hozirda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 4-sonli IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning mayida Chiroqchida erkak hokimlik binosi oldida bir qizni kaltaklagan edi. Keyinroq janjal sababi aniqlangan va viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar