date
views 1 229

Toshkentda OITSga chalingan stomatolog bemorlarni davolab kelgani aniqlandi

Toshkentda OITSga chalingan stomatolog bemorlarni davolab kelgani aniqlandi
Toshkent shahri Shayxontohur tumanida oliy ma'lumotli stomatolog orttirilgan immunitet tanqisligi sindromini yuqtirib olib, bemorlarni davolash bilan shugʻullangani aniqlandi. Bu haqda «Yangi davr» informatsion dasturida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, ushbu kasallikni yuqtirib olgan shifokor ortiq bu sohada faoliyat olib borishi mumkin emas. Ammo Z. ismli yigit (29 yoshli) buni bila turib, stomatologiya sohasida ishlab kelgan. U Instagram ijtimoiy tarmogʻi orqali tanishgan qizdan kasallik yuqtirib olgan. Oradan 2 oy oʻtib sogʻligʻida oʻzgarishlar kuzatilgan.

«Boshida allergiya boʻldim, deb oʻyladim. Keyin shifokorga bordim. Oxiri shubhalanib, test topshirishga qaror qildim.
Ikki marta koʻrishganman, shu bilan boshqa gaplashmagandim. 2 oylar oʻtib shu kasallik chiqib keldi
», — degan u.

2021 dekabr Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari yigitni nazoratga olib, unga kasallik toʻgʻrisida tushuntirish bergan. Agar u oʻzi bilgan holda kasallikni boshqalarga yuqtirsa yoki yuqtirish xavfi ostida qoldirsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirilgan.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Z. Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyruqlarini buzgan holda OITS bilan kasallangan shaxslarga taqiqlangan kasbiy faoliyat bilan shugʻullanib kelgani aniqlangan. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, IIB huzuridagi tergov boʻlimiga yuborilgan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qonunchilik normalariga koʻra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda respublikada 45 ming nafar odamlar OITS (SPID) bilan yashab kelmoqda. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollar, 14 foizini esa 18 yoshga toʻlmagan bolalar tashkil etadi.

Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori oʻrinbosari Gulifor Normurodova 10 yillik ma'lumotlarga koʻra, ushbu kasallikka chalingan bolalar yildan yilga kamayib borayotganini aytgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda OITSga chalingan stomatolog bemorlarni davolab kelgani aniqlandi