19:43 / 08.10.2022
4 136

«U qiz bolamas deyishgan». Ilmira Rahimjonova tuhmat sabab bir yil tildan qolgani va o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgani haqida gapirdi

«U qiz bolamas deyishgan». Ilmira Rahimjonova tuhmat sabab bir yil tildan qolgani va o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgani haqida gapirdi
Aktrisa Ilmira Rahimjonova «Daryo» internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Ilmira Rahimjonova suhbat davomida uni «nomussiz» deya tuhmat qilishgani, buning natijasida qattiq depressiyaga tushib, bir yil gapira olmay qolgani, hattoki o‘zini o‘ldirish darajasiga borgani haqida gapirib berdi.

- «Balli qizlar» tanlovi bo‘ldi, men ikkinchi o‘rinni olganman. Biz u yerda ovqatlanganmiz, men pomidorni po‘stini archmasdan yeganman va mazam qochib qolgan. Ikki-uch kun «o‘tib ketadi, o‘tib ketadi» deb, yurganman, bir kun kunduzi hushimdan ketib, Bo‘stonliqda kasalxonaga tushib qolganman.

Keyin qishloqda duv-duv gap bo‘lgan, falonchini qizi falon joyga borgan ekan… Endi u gapni ham o‘zimning yaqinlarim tarqatgan, «endi u qiz bolamas, shu ikki-uch kunda kim biladi qayerlarda, kim bilan yurgan deb tuhmat gaplarni tarqatishgan. O‘shanda men qattiq psixologik zarba olganman.

Kasalxonaga borib hushimdan ketganimdan keyin poliklinikadan shahar shifoxonasiga olib ketishgan. Bir kun vaqt o‘tgan, ota-onam qidirgan. Poliklinikada bir qishloqdosh hamshira bor edi, unga «ota-onamga aytib qo‘ying», deb iltimos qilgandim. Ko‘p bolali ayol edi, ota-onamga kasalxonaga tushganimni aytib qo‘yishga imkon topolmagan.

Men shu darajada siqilganman, o‘zimni o‘ldirish darajasigacha borib, gapirolmay qolganman. Bir yilgacha gapirmaganman. Kun bo‘yi bir nuqtaga tikilib o‘tiraverardim. Bilmadim nimalarni o‘ylardim, bilmayman. Ba’zida hayotingizdagi ko‘p voqealarga birvarakayiga javob izlashga to‘g‘ri kelarkan.

Bu tuhmatdan qutulish qiyin. Buni o‘sha vaqtda isbot qila olmagansiz. Lekin yillar davomida insonlar sizni kuzatib, o‘zlari xato gumonda, fikrda ekanligini tushunib yetishgan. Bu tuhmatda bir yillar ichida qutulganman. Balki, buning asorati hali ham bordir, balki o‘ynagan personajlarimda yashaganim uchun bu narsalar chiqib ketgani bilmay ham qolasiz.

Jonimga haqiqatan ham qasd qilmoqchi bo‘lganman. O‘zimni poyezd tagiga tashlamoqchi bo‘lganman. Orqamizda «elektrichka» o‘tardi, ikki-uch marotaba o‘shani yo‘lida yurib ko‘rganman. O‘shanda o‘zim bilan o‘zim gaplashganman. «Singling, ukalaring nima bo‘ladi? Onam o‘ldi, bobom o‘ldi — hamma unutib yubordi. Hayot esa davom etmoqda, yashash uchun kurashaman, deb, bu fikrimdan qaytganman
, - deydi Ilmira Rahimjonova.

Ma’lumot uchun, Ilmira Rahimjonova 1969 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyati Burchmulla qishlog‘ida ishchi oilasida tug‘ilgan. «E’tirof-2016» taqdimotida yilning eng yaxshi kino­aktrisasi deb topilgan.

«Charxpalak» seriali, «Zabarjad», «Iblis devori», «Chayongul», «Sog‘inch sohili», «Muhabbat sinovlari», «Oydinoy», «Farishta», «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» kabi filmlarda rol ijro etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «U qiz bolamas deyishgan». Ilmira Rahimjonova tuhmat sabab bir yil tildan qolgani va o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgani haqida gapirdi