22:38 / 15.12.2022
2 283

Muyassar Berdiqulova ota-onasi, bolalik yillari, hayotidagi qiyinchiliklari haqida gapirdi

Muyassar Berdiqulova ota-onasi, bolalik yillari, hayotidagi qiyinchiliklari haqida gapirdi
Foto: Videodan skrinshot
Xalq ardog‘idagi aktrisa Muyassar Berdiqulova «Sevimli» telekanalining «O‘zim» ko‘rsatuviga bergan intervyusida ota-onasi, bolaligi, hayotidagi qiyinchiliklari va dardlarini hech kimga aytmagani haqida so‘zlab berdi.

«Maktabda a’lochi bo‘lmaganman, o‘g‘il bolalar oladigan bahoda o‘qiganman»

Bolaligimda juda ham sho‘x qizcha bo‘lganman. Namangan viloyati Norin tumanining Xalqobod degan kichkina shaharchasida tug‘ilganman. O‘sha yerda katta bo‘lganman, bolaligim o‘tgan. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim ham ustozimiz Maqsudaxon aya «Yerga ursa ko‘kka sapchiydigan Berdiqulova qaysi biringiz», deb so‘ragan. Esimda: men deb turganman, ozg‘in bo‘lganman, haqiqatan ham shunaqa edim.

Maktabda a’lochi bo‘lmaganman, o‘g‘il bolalar oladigan bahoda o‘qiganman. Fe’l-atvorim ham shunaqa bo‘lgan, bitta umumiy daftar tutganman. Daftarni u tomoniga boshqa fanni, boshqa tomoniga narigi fanni yozar edim. Algebra, matematikadan kirgan o‘qituvchimiz: «Berdiqulova, sen hech qachon o‘qishga kira olmaysan, ikkichisan, shunday qolib ketasan», der edi. Maktabni bitirib o‘qishga kirgandan keyin oldiga borib, «Ustoz, men o‘qishga kirdim», desam hayron bo‘lgan. Keyin «Ko‘rdingmi, men senga bekorga tanbeh bermas edim, chunki shu tanbehlarim bilan sen o‘zingga maqsad qilgansan, men bari bir o‘qishga kiraman, ko‘rasiz, degansan ichingda», — degan.

«Men hech qachon onamning qattiq urishganlarini yoki qarg‘aganlarini eslay olmayman»

Dadam juda san’atga qiziqqan inson bo‘lgan, onam ham qo‘shiq xirgoyi qilib ish qilib yurar edi. Ko‘p kitob o‘qir edi, tomni tepasiga chiqsak, sandiq bo‘lardi. Sandiq ichi to‘la kitob bo‘lgan, Migel De Mopassangacha o‘qir edi. Hamma kitoblar bor edi, shu darajada kitobni yaxshi ko‘rardi, lekin o‘zlari san’atga yaqin odam bo‘lmagan. Dadam revizor bo‘lib, onam tug‘uruqxonada ishlagan. Onam ham, otam oddiy inson bo‘lgan. Men hech qachon onamning qattiq urishganlarini yoki qarg‘aganlarini eslay olmayman. Ismlari Dilbarxon bo‘lgan, ismlariga mos inson bo‘lgan. Birorta insonni g‘iybat qilganlarini eslay olmayman, Xalqobod shaharchasidagi insonlar ham onamni juda toza, pokiza bo‘lganini eslab gapiradi. Onamdan o‘tgan, o‘zim ham ozodalikka juda injiqman.

«Mening ko‘p oilaviy sirlarimni rahmatli dadam bilmay ketgan»

Hech qachon ota-onamdan pul olib o‘qimaganman. Institutda ham o‘zim o‘qib, o‘zim harakat qilganman. Ota-onamga umuman og‘irligimni tushirmaganman. Shaxsiy hayotimda ham qanaqadir muammolar bo‘lsa bildirmaganman. Mening ko‘p oilaviy sirlarimni rahmatli dadam bilmay ketgan. Ularga aytmaganman, men shunaqa ayolman. Bizni shunchalik qiynalib katta qildi, ota-onani o‘zi yoshligida umrini biz uchun sarflaydi.

Yana men ularga muammolarimni aytib battar qiynashni xohlamayman. Shaxsiy hayotimdan hech qachon ota-onamga shikoyat qilmaganman. Uyimda yeyishga hech narsa qolmaganida ham aytmaganman, biz turmush o‘rtog‘im bilan Milliy teatr orqasidagi yotoqxonada yashaganmiz. U paytlari so‘m kuponlari bo‘lar edi. Qiyin paytlari ham men turmush o‘rtog‘im bilan qiynalyapman, demaganman.

«Turmush o‘rtog‘im menga juda ko‘p yaxshilik qilgan, u insondan bir umr roziman»

Menga sharoit yaratib bergan inson birinchi o‘rinda ota-onam, ulardan keyin albatta harakat qilib, sharoit yaratib bergan inson turmush o‘rtog‘im bo‘ladi. Men u insonga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Turmush o‘rtog‘im menga juda ko‘p yaxshilik qilgan, u insondan bir umr roziman. Unaqa inson dunyoda yo‘q, men hech qachon ulardan yomonlik ko‘rmaganman. Har doim meni qo‘llab-quvvatlagan, sharoit yaratib bergan. Shuning uchun men mehnat qilib ularni yaratib bergan sharoitlari bilan, ustozlarni o‘g‘itlari bilan shu darajaga yetib keldim.

«Bo‘yim juda past bo‘lgani uchun juda katta vazn to‘pladim»

Men operatsiyani ham go‘zallik, ham sog‘liq uchun qildirdim. Bo‘yim juda past bo‘lgani uchun juda katta vazn to‘pladim. Singlim, dugonam Shahnoza Otaboyeva orqali men ham operatsiya qildirdim. Muxlislarimga yoqyapman, shukr. Vaznim juda og‘irlashib ketgan vaqtda tobim ham bo‘lmadi, yuragim og‘ridi, oyoqqa og‘irlik tusharkan. Hamma narsa qilib ko‘rdim, natija olmadim. Shuning uchun operatsiya qildirishga majbur bo‘ldim. Ahvolim yaxshi.

«Kechirib yuborganman, biroq kechirsam ham shu narsa esimda turibdi»

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni olgan paytimda teatrdagi hamkasblarim, ustozlarim meni tabrikladi. Bitta aktrisa esa kelib qulog‘imga «Tabriklayman, jim yursa ham berar ekan-a?», dedi. Shu gap o‘yib ketgan, nima qilganing uchun bu unvonni olding, degan ma’noni beradi. Juda ham yomon ta’sir qilgan, demak, shuncha harakatim u inson uchun hech narsa emas ekan, deganman. Kechirib yuborganman, biroq kechirsam ham shu narsa esimda turibdi. Insonni jerkish, yomon gaplarni aytish ko‘nglida qolar ekan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Muyassar Berdiqulova ota-onasi, bolalik yillari, hayotidagi qiyinchiliklari haqida gapirdi