Bahrom Nazarov o‘zi ishtirokida tarqalgan videolarga munosabat bildirdi

Bahrom Nazarov ayni kunlarda o‘tgan yilgi ijodiy an’anasini davom ettirgan holda, yurtimiz bo‘ylab gastrol konsertini boshlaganiga ham qariyb ikki oy bo‘ldi. Shu vaqtga qadar, Nazarov, viloyatlarimizda 30 ga yaqin konsert dasturini taqdim etdi. Mazkur konsertlardan suratga olingan videolar esa ijtimoiy tarmoqlarga joylanib bormoqda. Ana shunday videolardan birida Bahrom Nazarov qo‘shiq kuylab turgan joyida “hiqildog‘imga keldi” qabilida qilgan ishorasi e’tiborimizni tortdi va unga ushbu videolarga oydinlik kiritishi so‘rab murojaat qildik, deyiladi "Darakchi" nashrida.
—Gastrol konsertlari joningizga tekkan ko‘rinadi, buni kuylab turgan vaqtingizda qilgan hatti harakatingizdan ko‘rish mumkin, rostan ham shunaqami?..
—Bu kunlarga etishim oson bo‘lmadi, muxlislarimizni bunday kutib olishi, men bilan qo‘shilib qo‘shiqlarimni kuylashi men uchun faqatgina orzu edi. Niyatni astoyidil qilgan ekanmiz, ijodiy jamoamizning sa’y-harakati va muxlislarimizning sadoqati bilan shu kunlarga ham etdik. Bu jonga tegdi yoki shu ma’nodagi boshqa ishora emas, bu navbat keyingi qo‘shiqqa kelganligi haqidagi faqatgina ijodiy jamoamiz tushunadigan ishora, kalit so‘z desa ham bo‘ladi.
—Viloyatlardagi har bir konsertlaringiz juda katta yaxshi bilan kutib olinayotganligini video lavhalardan kuzatib boryapmiz. Yana bir video e’tiborimizni tortdi stadionda yomg‘ir sharros quyib turganda ham qo‘shiq kuylagan ekansiz, ammo «Pari-pari» qo‘shig‘i oxiriga etmay, o‘chib qolgan...
—Avvalo e’tiboringizdan xursandmiz, haqiqattan ham Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi stadionda konsert berayotganimizda, dasturning eng oxirgi qo‘shiqlari boshlanishi bilan yomg‘ir quya boshladi. Stadion katta bo‘lganligi uchun uni aylanib qo‘shiq aytishga to‘g‘ri keladi. Yomg‘ir dasturdagi eng so‘nggi qo‘shig‘imizdan bitta oldingi, «Xorazmcha» deb nomlangan taronada yog‘a boshladi. «Pari-pari» qo‘shig‘ini kuylayotganimizda, stadiondagi apparaturalar kuyib qoldi. Shu o‘rinda, yomg‘ir yog‘ayotganda ham konsertni tark etmagan muxlislarimizga ijodiy jamoamiz va o‘zim nomimdan minnatdorchilik bildirmoqchimiz.
—O‘tgan yilgi «Unutilmas kunlar» deb nomlangan gastrol konsertingizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi konsertlaringiz bekor qilingan edi, bu yil u erdagi muxlislaringiz bilan diydor ko‘rishasizmi?
—Xudo xohlasa, bu yil albatta Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham konsert dasturimizni taqdim etamiz. Ayni kunlarda, Navoiy viloyatidagi konsert dasturimizni nihoyasiga etkazib, Samarqandga yo‘l olganmiz. 26 may kuni Nukus, 27 may kuni Xorazm viloyatlarida o‘zimizning «Shukrona» nomli konsert dasturimiz bilan mehmon bo‘lamiz. Hali ungacha Samarqand viloyati, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida konsertlarimiz bor. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing