10:11 / 19.02.2024
53

O‘zbekiston muzeylaridagi noyob tarixiy eksponatlar Britaniyada namoyish etiladi

O‘zbekiston muzeylaridagi noyob tarixiy eksponatlar Britaniyada namoyish etiladi
Foto: “Dunyo” agentligi
O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Madaniy meros agentligi vakillari Londondagi Britaniya muzeyi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida Britaniya muzeyi negizida O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilish, ikki mamlakat muzeylari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilingan. Xususan, 2024 yilning sentyabridan 2025 yil mart oyigacha Britaniya muzeyida O‘zbekiston muzey eksponatlari namoyish etiladigan “Ipak yo‘li” ko‘rgazmasi yuqori darajada tashkil etishga kelishib olingan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi muzey kolleksiyalaridan ko‘rgazmada namoyish etiladigan noyob eksponatlar tasdiqlangan. Jumladan, mazkur ko‘rgazmada Afrosiyob muzeyidagi elchilar tasvirlangan devoriy surat, Varaxshadagi qizil rangli xonadan olingan devoriy surat, Kofirqal’adan topilgan noyob o‘ymakor panno va So‘g‘d davriga oid eksponatlar namoyish etiladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning ilgari hech qayerda namoyish etilmagan ayrim noyob eksponatlari Britaniya muzeyi ko‘rgazmasining durdonasiga aylanadi va bu o‘z navbatida, mamlakatimiz tarixiy-madaniy merosini dunyoda yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Britaniya muzeyi dunyodagi qadimiy, eng katta va eng ko‘p tomoshabin keladigan muzeylardan biridir. Unga 1753 yilda qirollik shifokori va san’at kolleksioneri Xans Sloan tomonidan asos solingan va o‘z kolleksiyasini davlatga meros qilib qoldirgan. Umuman olganda, muzey ko‘rgazmalari 94 ta galereyadan iborat, ularning umumiy uzunligi 4 kilometr. Ayni paytda mazkur madaniy-tarixiy majmua qadimgi dunyoning noyob kolleksiyalariga ega jahondagi eng yirik tarixiy va arxeologik muzey hisoblanadi. Muzeyga har yili butun dunyodan 5,5-6 million kishi keladi.

Madaniy meros agentligining 2022 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika muzeylari fondlarida jami 2 553 056 ta muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud. Shundan 1 928 012 ta asosiy fondda, 625 044 ta ilmiy-yordamchi fonddagi muzey ashyolari va kolleksiyalari hisoblanadi. Muzeylarda saqlanayotgan eksponatlarning 112 mingtasi jahon miqyosida noyob hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbekiston muzeylaridagi noyob tarixiy eksponatlar Britaniyada namoyish etiladi