date
views 2 139

Saida va Jumadulla Rametovlar sevgi tarixini esladi: “Meni Turkistonga olib qochgan”

Saida va Jumadulla Rametovlar sevgi tarixini esladi: “Meni Turkistonga olib qochgan”
San'atkorlar oilasi, ustoz aktyorlar Saida Rametova va Jumadulla Rametov “Milliy” kanalining “Ikkalamiz” loyihasi uchun intervyu berdi. Intervyu davomida ular oila qurish jarayonidagi qiziqarli sevgi tarixini yodga olishdi.

Saida va Jumadulla Rametovlar teatrda ishlab yurgan kezlari hali turmush qurmasdanoq bir-biri bilan doʻst boʻlgan. Ularning sevgi tarixi esa shunday boshlangan:

Jumadulla juda kelishgan yigit edi, oilada bir oʻgʻil farzand boʻlgan. Yoshi ham 27 ga yaqinlashganda qarindoshlarning gap-soʻzi tufayli qaynotam endi seni uylantiramiz, degan. Jumadullaning menda koʻngli bor ekan, menga turmushga chiqishni taklif qilganda, kelishgan, yaxshi yigit-ku, deya oʻylanib mayli, degandim. U vaqtda hali men u kishini sevib qolmagandim, shunchaki inson sifatida hurmat qilardim. Shu orada uning tanishlaridan Jumadullaga oʻzi tarafdan bir qarindosh qizni moʻljallab qoʻyishgan, degan gapni eshitib qoldim. Uning ismi ham Saida edi, peshonalariga Saidalar yozilgan ekan-da (kulib). Keyin ota-onasi oʻsha qizni olib bermoqchi boʻlsa, men ularning oʻrtasiga tushib baxtini buzmayman, deganman va Jumadulla bilan doʻst boʻlib qolishga kelishganmiz. Soʻng bilsam, u qizni shunchaki koʻzlab yurishgan ekan, hammada ham boʻladi-ku, shunday-da, deya esladi Saida Rametova.

“Jumadulla qiz oʻgʻirlab keldi”

Foto: Google Images
Xullas, shunday qilib bir kuni teatrda charchab oʻtirgan vaqtim edi. Jumadulla “Doʻstmiz-ku, yuring, sizga muzqaymoq olib beraman” dedi. Yolgʻiz oʻgʻil boʻlgani uchun otasi sovgʻa qilgan mashinasi bor edi, shunga oʻtirganman. Uzoq yurganmiz, nega toʻxtay qolmayapti, deb bir vaqt qarasam, mashinani mingga qoʻyib Turkiston tomonga haydab ketyapti. Toʻxtating, men tushaman deyishimga qaramay, meni Turkistondagi qarindoshlarining uyiga olib borgan. “Voy, Jumadulla qiz oʻgʻirlab keldi” deb birpasda gap tarqalgan. Ularning oilasi Turkiston va Qozogʻistonda yashaydigan oʻzbeklar edi, u taraflarda qiz olib qochish odatiy hol boʻlgan. Lekin mening ota yurtim Samarqandda bunday qilinmaydi, menga uylanmoqchi boʻlsangiz, hurmat-obroʻyimni joyiga qoʻyib uylaning, bunday olib qochib ketib emas, deb qattiq gapirganman. Ertasi kuni qaynona-qaynotam etib kelishgan va menga “Rahmat qizim, juda aqlli qiz ekansan, baraka top” deyishdi. Aktrisa boʻlsa ham, hurmatini biladigan, oʻziga pishiq qiz ekan, bizga yoqdi, deya rozi boʻlishgan. Toʻyimiz 1981 yilda juda chiroyli boʻlib oʻtgan, Jumadulla 27 da, men 25 yoshda boʻlganman.

“Sogʻayishi uchun borimni berardim”

Foto: Instagram
Saida Rametovaga shuncha yil ijod qildingiz, xalqning koʻnglidan joy oldingiz va shuning evaziga koʻplab mukofotlar, unvonlar sohibi boʻldingiz — shu unvonlaringizni birgina orzuyingiz amalga oshishi uchun almashish imkoni boʻlsa, bu nimaning evaziga boʻlardi, deya berilgan savolga aktrisa:

“Turmush oʻrtogʻimning butunlay sogʻayib ketishiga borimni almashardim”, deya koʻzlarida yosh bilan javob berdi.

“Hozir uydamanmi, teatrdami, deya soʻraydigan boʻlib qolgandi”

Jumadulla Rametovning betobligi haqida koʻpchilikning xabari bor, ammo aktyorning bugungi holati ancha yaxshi. Karantin vaqtida u virus bilan kasallangan, soʻng sogʻaygan boʻlsa-da, asta-sekinlik bilan xotira yoʻqotish holati kuzatila boshlagan. Saida Rametovaning soʻzlariga koʻra, Jumadulla Rametov avvaliga kichik narsalarni esidan chiqargan, soʻng “Hozir uydamanmi, teatrdamanmi?” deya soʻraydigan boʻlgan. Bundan xavotirlangan oila a'zolari aktyorni shikoforga olib borgan. Vrachlar keksayib qolgan aktyorga xotira sustlashishi deya Alsgeymer kasalligi tashxisini qoʻygan, buni avval koronavirusga chalinganlik asorati bilan bogʻlagan. Uzoq davolanishlardan soʻng Jumadulla Rametov avvalgi holatiga qaraganda bugun ancha tetik.

Hozirda turmush oʻrtogʻim nafaqa oladi, avvalroq ishlamasa ham, teatrdan oylik berilayotgandi. Yoʻq, teatrga ishga bormayapman, oylik kerakmas, menikini ham yoshlarga berishsin, degan. Shuncha yil ishladingiz, sizni siylashyapti, desam ham koʻnmagan. Men toʻy xizmatlari yoki syomkalar sabab teatrga borolmagan kunlarim boʻlgan. Ammo Jumadulla Rametov biror marta teatrga xiyonat qilmagan inson, deydi Saida Rametova.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Saida va Jumadulla Rametovlar sevgi tarixini esladi: “Meni Turkistonga olib qochgan”