
O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya poytaxti Moskvada Rossiya Federatsiyasi prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati va uning rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

Saida Mirziyoyevaning Telegram-kanalida yozilishicha, uchrashuv doirasida madaniyat, ta’lim, tarixiy merosni saqlash va ilmiy-ijodiy almashinuv sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar alohida e’tirof etilgan. Xususan, Moskva viloyatida joylashgan “Yangi Quddus” muzeyida o‘zbek san’ati ko‘rgazmasining tashkil etilishi, shuningdek, O‘zbekiston hududida Rossiya madaniyati kunlarining o‘tkazilishi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchning amaliy ifodasi sifatida qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, 30 may kuni “Yangi Quddus” muzeyida start oladigan “Olamlar orasidagi nur” ko‘rgazmasi ikki davlatning madaniy hamkorligidagi yangi bosqichni belgilab berishi kutilmoqda. Bu — sovet davridagi muzey qoidalariga zid tarzda shakllantirilgan, betakror to‘plamlarni jamlagan va uzoq yillik xalqaro miqyosdagi ilk loyiha hisoblanadi.

Ekspozitsiyada “Yangi Quddus” muzeyi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Igor Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi kolleksiyalaridan joy olgan 160 dan ortiq asar namoyish etiladi. Ular orasida mashhur rassomlar — Aleksandr Volkov, Solomon Nikritin, Aleksandr Shevchenko va Kliment Redko kabi siymolarning noyob rangtasvir va grafik ishlari ko‘zga tashlanadi.

Saida Mirziyoyeva ushbu ko‘rgazmani “ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlaydigan yorug‘ hamkorlik ramzi” sifatida ta’rifladi. Uning ta’kidlashicha, bunday madaniy almashinuvlar nafaqat o‘zaro hurmatni kuchaytiradi, balki yosh avlodning ma’naviy-estetik dunyoqarashini boyitishga xizmat qiladi.
Zamin.uz tahririyati mazkur loyihaning xalqaro madaniy muloqotdagi o‘rni va ahamiyatini yuqori baholaydi hamda bunday tashabbuslar ko‘plab ijodkorlar va san’at ixlosmandlari uchun ilhom manbai bo‘lishiga ishonadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar