date

«Kalmar o‘yini»» yakunlandi: Uchinchi mavsum nima bilan tugadi?

«Kalmar o‘yini»» yakunlandi: Uchinchi mavsum nima bilan tugadi?
27 iyun kuni Netflix o‘zining eng mashhur loyihalaridan biri — Janubiy Koreya seriali «Kalmar o‘yini»ning uchinchi va yakuniy mavsumini namoyish etdi.

Serial ilk bor 2021 yilning kuzida chiqdi va pandemiyadan keyingi davrda global auditoriyaga kuchli ta’sir qildi. Muallif Xvan Don-Xek insoniyatdagi axloqiy tanlov, kapitalizmning shafqatsiz tomoni va sinfiy tengsizlik haqida keskin savollar qo‘ydi. Birinchi mavsum juda muvaffaqiyatli o‘tib, Netflix tarixidagi eng ko‘p ko‘rilgan original loyiha sifatida tarixga kirdi. Garchi muallif dastlab faqat bitta mavsumni rejalashtirgan bo‘lsa-da, Netflix bosimi ostida serial yana ikki mavsumga cho‘zildi.

Uchinchi mavsum ikkinchisi bilan bir paytda suratga olingan. Bosh qahramon Song Gi Xun yana o‘yinga qaytadi va bu safar o‘zini hatto qurbonlik qilish darajasida insoniylikni himoya qiluvchi obraz sifatida namoyon qiladi. Serial davomida u deyarli diniy qahramonga aylanishi — o‘lib, tirilib, yovuzlikka qarshi kurashadi. Yakunda yangi tug‘ilgan chaqaloq — hali bu dunyoning yomonliklaridan begona — kelajakka umid ramziga aylanadi.

Serialning asosiy dramatik bahsi — inson tabiatida ezgulik yoki yovuzlik ustunmi — birinchi mavsumda allaqachon yakunlangan edi. Shu sababdan ikkinchi va ayniqsa uchinchi mavsumda hikoya biroz cho‘zilgan, ba’zida esa o‘zini takrorlayotgandek tuyuladi. Har mavsumda seriyalar soni kamaygan (9 → 7 → 6).

Qahramonlar endi unchalik original emas — yovuzlar o‘ta yuzaki, chuqur emas, sodda tasvirlangan, «yaxshilar» esa avvalgidek idealist. Kurashlar avvalgidek shafqatsiz va kutilmagan burilishlar kamroq. Muallifning o‘zi ham intervyularda loyihadan charchaganini yashirmaydi.

Finalning baholari ham ikki xil: Metacritic saytida 70% bo‘lsa, Rotten Tomatoes'da faqat 42% auditoriya maqtoviga sazovor bo‘ldi. Bu ko‘rsatkichlar serialning so‘ngiga kelib charchaganini ko‘rsatadi. Ammo Netflix so‘ngi sahnada Amerikada bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan spin-offga ishora qilib o‘tgan — kadrda Gollivud yulduzining paydo bo‘lishi bundan dalolat beradi.

Bu esa serial hali tugamagan bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Biroq tanqidchilar fikriga ko‘ra, Netflix asosiy g‘oya — inson zo‘ravon tizimni to‘xtata oladi — degan g‘oyaga qarshi o‘zi borishni davom ettirmoqda. Oxir-oqibat, serialning asosiy mazmuni — zo‘ravonlikka qarshi kurash — o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligi kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Kalmar o‘yini»» yakunlandi: Uchinchi mavsum nima bilan tugadi?