"Uensdey" serialiga uchinchi mavsum ishlab chiqilishi ma’lum bo‘ldi, deb Kursiv.uz xabar berdi. Bu haqda serial yaratuvchisi Tim Berton The Hollywood Reporter nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Shu bilan birga, ikkinchi mavsumning birinchi qismi Netflix’da 8 avgust kuni namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Rejissyor Tim Berton: "Men avval televizion sohada ishlamaganman, shuning uchun uzoqroq vaqtli loyihada ishtirok etish g‘oyasi meni o‘ziga tortdi. O‘zi esa (Uensdey) qiziqarli qahramon", — dedi.
Uensdey Addams rolini ijro etuvchi Jenna Ortega o‘zi tasvirlayotgan qahramonga yanada yaqinlashganini ta’kidladi. Aktrisa ta’kidlashicha, ikkinchi mavsum yanada ko‘lamli bo‘ladi va aktyorlar tarkibiga Stiv Bushemi ham qo‘shildi.
Tim Berton va Jenna Ortega Netflix’ning "Uensdey" serialiga spin-off yaratish g‘oyasi borligini ham ma’lum qilishdi. Hozirda muzokaralar boshlang‘ich bosqichda.
"Uensdey" — Tim Berton tomonidan yaratilgan Netflix’ning mistik seriali. Asosiy qahramon — Uensdey Addams, Addamslar oilasidagi qiz, u "Nevermor" akademiyasiga o‘qishga kiradi. Akademiyada u sirli qotilliklar zanjirini tergov qiladi va o‘z oilasiga oid sirlarni ochadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!