Fransiyaning mashhur aktyori, 76 yoshli Jerar Deparde, yana zo‘rlash va jinsiy tajovuz ayblovlari bilan sudga tortilmoqda. Bu haqda The Guardian nashri ma’lum qildi.
Deparde ustidan shikoyat qilgan aktrisa Sharlotta Arnould uning sobiq do‘stining qizi bo‘lib, aktyorni bolaligidan taniganini aytadi. Unga ko‘ra, 2018 yil yozida, 22 yoshida Parijdagi aktyorning uyida ikki bor tajovuzga uchragan. Shundan so‘ng aktrisa Fransiya janubidagi jandarmeriyaga murojaat qilgan.
“Yetti yil davomida dahshat va azobni boshdan kechirdim. Bu jarayonning naqadar og‘irligini tushunish qiyin bo‘ldi. Ammo ariza yozgach, yengil tortgandek bo‘ldim”, — deya yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
Deparde esa barcha ayblovlarni qat’iyan inkor etib, voqealar o‘zaro rozilik asosida bo‘lganini ta’kidlaydi. U 2023 yil kuzida Le Figaro gazetasida chop etilgan ochiq maktubida: “Men hech qachon, hech qanday holatda ayolni zo‘rlamaganman”, deya yozgan edi.
Biroq aktyor avvalroq ham boshqa jinoyatlar bo‘yicha aybdor deb topilgan. Rassom Ameli, 53 yoshli prodyuser va 33 yoshli rejissyor yordamchisiga nisbatan haqoratli va bezorilik xatti-harakatlari uchun unga sud hukmi chiqqan.
2025 yil may oyida esa Deparde ikki ayolga nisbatan zo‘ravonlik qilgani uchun 18 oy shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, unga ikki yil davomida fuqarolik huquqlaridan, jumladan saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum etish jazosi qo‘llanildi. Bundan tashqari, aktyor jinsiy jinoyatchilar ro‘yxatiga ham kiritilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!