Taniqli qo‘shiqchi Teylor Svift o‘zining navbatdagi “Life of a Showgirl” nomli studiya albomi haqidagi turli fikrlarga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, albom nomi atrofidagi har qanday muhokama — ijodini yanada kengroq targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Zeyn Louning shou dasturida ishtirok etgan Svift, yangi albomiga bildirilgan tanqidlarga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday munosabat — ijobiy yoki salbiy bo‘lishidan qat’i nazar — uning uchun qimmatli tajriba hisoblanadi.
“Men shov-shuvni yoqtiraman. Shou-biznesning qoidasi shunday: agar albom chiqqaniga hali bir hafta bo‘lmagan bo‘lsa va siz mening ismim yoki albomim nomini tilga olsangiz, demak, menga yordam beryapsiz”, — dedi xonanda kulimsirab.
Teylor Svift, shuningdek, musiqa va san’at haqidagi barcha fikrlarni hurmat qilishini ta’kidladi:
“San’atda har kimning o‘z nuqtayi nazari bo‘lishi tabiiy. Men bu kabi fikrlarni qadrlayman. Har bir inson ijod haqida o‘z hissi va qarashlariga ega bo‘lish huquqiga ega”, — dedi u.
Sviftning aytishicha, ko‘plab muxlislar vaqt o‘tishi bilan uning asarlariga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi.
“Fanatlarim ko‘pincha shunday deyishadi: 'Ilgari Reputation menga yoqmagan, ammo hayotimdagi o‘zgarishlardan keyin u mening eng sevimli albomimga aylandi'. Bu men uchun katta ilhom manbai”, — dedi qo‘shiqchi.
Teylor Svift yangilik bilan faxrlanishini yashirmadi: “Men yaratgan ishimni yaxshi bilaman va uni chin dildan sevaman”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, 3 oktyabr kuni Teylor Svift o‘zining 12-studiya albomi — “Life of a Showgirl” ni taqdim etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!