Unreal Engine 5da Harry Potter 1 remeyki namoyish etildi

MattShadd taxallusi bilan tanilgan mustaqil dasturchi 2001 yilda PCda chiqqan Harry Potter and the Philosopher’s Stone o'yinining fan-remeyki ustida ishlayotgani va uning jarayonidan yangi gameplay parchalarini ko'rsatdi. Loyihaning qisqa nomi HP1R bo'lib, u Unreal Engine 5 imkoniyatlarida qayta qurilmoqda. Muallif bu oddiy “grafikani yangilash” emas, balki noldan yozilayotgan to'laqonli remeyk ekanini alohida ta'kidlaydi. Bu haqda playground.ru xabar beradi.
Entuziastning asosiy maqsadi original kayfiyatni saqlagan holda zamonaviy texnologiyalarni qo'shish: mato va soch fizikasi, silliq animatsiyalar hamda ilg'or shaderlar. Hozircha u eski darajalardagi statik va dinamik modellarni yangi muhitga ko'chirib bo'lgan, dialoglarning audioyozuvlarini ham integratsiya qilgan. Shuningdek, UE 5.4 namunalari asosida parkur tizimi va zarba/zarar olish mexanikasi ishlamoqda.
Vizual effektlar hamda qahramonlarning tutumi loyihaning eng ko'p e'tibor berilgan qismiga aylangan. Sehr-jodular uchun Hogwarts Legacy uslubini eslatuvchi iz qoldiradigan va portlashli yangi partikl effektlar yaratilgan. NPClar jangdan tashqarida “jangovar holatda” qotib turmasligi uchun alohida tinim animatsiyalariga ega bo'lgan. Sehr o'rganish mini-o'yini ham qayta tiklangan: o'yinchi belgilangan vaqt ichida kursor bilan shakl bo'ylab yuritishi kerak.
Muallif tasvir sifatini oshirish uchun teksturalarni neyrotarmoqlar yordamida qayta ishlagan, Xogvarts devorlaridagi portretlar esa harakat animatsiyasiga ega bo'lgan. Texnik tomonda saqlash (save) tizimi joriy etilib, u darajalar orasida o'tganda interaktiv obyektlar holatini Bethesda o'yinlaridagi tamoyilga o'xshash tarzda eslab qoladi. Katssena va dialoglar uchun maxsus tizim ishlab chiqilgan, replikalarni o'tkazib yuborish ham mumkin.
Dushmanlar qatorida pixilar uchun sun'iy intellekt tayyor: ularga uchish mexanikasini boshidan yozishga to'g'ri kelgan. Bundan tashqari, gnomlar bilan to'qnashuvlar ham ishlamoqda. O'yinda grafika sozlamalari mavjud bosh menyu va saqlangan fayllarni yuklash funksiyasi allaqachon faol.
Ishlab chiquvchi loyiha mualliflik huquqlarini buzishi mumkinligini ochiq tan oladi va remeyk faqat ko'ngilochar hamda o'quv maqsadlarida yaratilayotganini aytadi. U huquq egalaridan kelishi ehtimol bo'lgan bloklash xavfini ham inobatga olayotganini bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!