15:22 / 19.02.2017
7 714

Shahzoda #Ko‘chirmaProdakshn xit paradida birinchi o‘rinni egalladi

Shahzoda #Ko‘chirmaProdakshn xit paradida birinchi o‘rinni egalladi

O‘zbekistonliklarga xushkayfiyat ulashuvchi Troll UZ #Ko‘chirmaProdakshn xit-paradlar loyihasini yo‘lga qo‘ydi, deb yozadi sputniknews-uz.com.

Nashrning Feysbukdagi sahifasida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, xit-paradning birinchi o‘rnini "Xasta" qo‘shig‘iga ishlangan klipi bilan Shahzoda egallagan.

"G‘olibni tabriklaymiz! Bu biz ko‘rgan ko‘chirmalar orasida eng batafsil nusxa hisoblanadi", — deyilgan "tabrik" matnida.

Ma’lum bo‘lishicha yoshlarning sevimli xonandasi Shahzodaning bu klipi muzqaymoq ishlab chiqaruvchi "Kornetto" brendi tomonidan yaratilgan "Taqdir kafesi" deb nomlangan rolikdan "o‘z holicha" ko‘chirib olingan. (Ofarin!, deyish mumkin, xolos).

"Bugundan boshlab, biling-ki, agar sizga biron bir klip, reklama, film va hokazolar yoqsa, u qayerdandir ko‘chirilgan bo‘lishi ehtimoli bor", deb izoh qoldirgan Troll UZ. Internet foydalanuvchilarining ushbu xabar ostida qoldirgan izohlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

"Xo‘sh, nima qilibdi, butun insoniyat bir-biridan o‘rganadi. Moda olamida ham shunday-ku. Axir biz evropacha kiyinmaymizmi? Yaxshi narsadan o‘rganish sharmandalik hisoblanmaydi", — deya Shahzodaning yonini olgan Lola Kasimova.

"Enrike Iglesias ham Ulug‘bek Rahmatullaevning "Bemor" deb nomlangan qo‘shig‘i klipidan ko‘chirgan. Iglesiasning "Do you know"ini tomosha qiling", — deya yana bitta ko‘chirmakashlikka shama qilgan Zokir Sobirjonov.

"Hech bo‘lmasa qo‘shiq original ekaniga shukr qilishga to‘g‘ri kelyapti", — Sobirjonovga javob qaytargan Timur ismli foydalanuvchi.

"Yo, alhazar! Shahzodaning "Xasta"sini tomosha qilib, bunday ajoyib g‘oya kimning miyasida tug‘ilgan ekan-a, deya klipmeykerni olqishlab o‘tirgandim", — deya hafsalasi pir bo‘lganini yashirmagan Shadisha.

"Agar bizlarning qo‘shiqchilar jahonga chiqqanida, jarima to‘lamagan san’atkor qolmasdi", — deb yozgan Auda Ok.

"Ex-xe… Sahnadagi fonogrammadan noliganimiz-noligan edi. A, bu treklar ham, kliplar ham o‘zlariniki emas ekan-u. Uyat, uyat…", — degan Sarvar nikli foydalanuvchi.

"Qo‘shiqchining konsertiga chiptani kserokopiya qilingan pullar bilan to‘lash kerak", — deb yozgan Alisher.

"Turklar bizlardan ko‘chirmaydi, evropaliklar ham, amerikaliklar-ku umuman. Faqat biz hammani klipini yoki musiqasini yoxud she’rini g‘oyasini o‘g‘irlab "ijod" qilamiz. O‘zbeknavoning kelajagi "kopirovka" bo‘lib ketyapti", — deya izoh qoldirgan Javohir Abdushukurov.

"Bizlarning "artistlarimiz" qo‘shiq o‘g‘irlashlari kamlik qilgandek, turli teledasturlarda o‘z ijodlari bilan maqtanishdan ham tap tortmaydi. Nima uchun plagiat haqida hech kim og‘iz ochmaydi? "Hurmatli san’atkorlarimiz", uyalmaysizlarmi?", — deya san’atkorlarga savol tashlagan Monaco Rose nikli foydalanuvchi.

"To‘yga borish uchun necha pul olishadi-ki, o‘z konsepsiyasini yo‘lga qo‘yishni bilishmaydi?", — degan Sarvar Usmonov.

"To‘g‘risini aytsam, men uchun klipning qayerdandir o‘g‘irlangani umuman ahamiyatga egamas. Biror braziliyalik ushbu klipni suratga olgan bo‘lganida, men tomosha qilmagan bo‘lardim. Internet tarmog‘ida shu klipni izlab topib, uning syujetini o‘z klipida takrorlab bergan Shahzodaga rahmat", — deya san’atkorning yonini olgan Amira Abduraimova.

OAVlarda yoritilgan xabarlarga ko‘ra, Shahzodaning "Xasta" klipi yosh qo‘shiqchilar — Sarvar va Komil tomonidan suratga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, ijodi gullab borayotgan bu ikki yigit xonandalar qo‘shiqlariga klip ishlashni ham yo‘lga qo‘yib olishgan(tayyor g‘oya turganda, bu pista chaqishdek gap, axir). "O‘g‘irlangan g‘oyalar" singari e’tiroz bu yigitlarni umuman noqulay ahvolga solmasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, "Hordiq" nashri jurnalisti Feruza Rahimovaga bergan intervyusida yigitlardan biri — Sarvar bu xususda shunday fikrni bayon qilgan:

"Bilasizmi, dunyo bo‘yicha plagiatlik qo‘shiqda yoki boshqa san’at asarlarida bo‘lishi mumkin. Ammo video ketma-ketlikni ko‘chirish plagiatlikka kirmaydi. Misol uchun, jahonga mashhur "Romeo va Juletta" asarini har bir xalq o‘z talqinida film qilib olgan va o‘sha rejissyorlarni plagiatlikda ayblashmagan. Uning o‘zbekcha talqini o‘zimizda ham bor.

Klipni ishlagan ijodkor yigitlar dunyo bo‘yicha ishlashdi va butun dunyo ijodkorlari uchun faoliyat yuritadigan bitta sayt bor. Hamma ijodkorlar o‘sha saytga tashrif buyurib, o‘zining ijod mahsulini joylashtiradi hamda qolganlar undan g‘oya oladi. Va buni muallif to‘g‘ri tushunadi. Bu sayt bevosita fikr va ijod almashish sayti hisoblanadi. Ijodkor uchun yangilik juda muhim, yangilikni yaratish esa yana ijod qilishni talab etadi. Ijodkorlar bir yangilik yaratish uchun albatta, boshqa ijoddan ilhomlanishi shart. Aynan ijodkorlarning o‘sishi uchun xizmat qiladigan saytdan yosh ijodkorlarimiz chet elning g‘oyasini olib keldi va bizni o‘sha voqealar ta’sirlantirgani uchun suratga oldik".

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shahzoda #Ko‘chirmaProdakshn xit paradida birinchi o‘rinni egalladi