date

Zayed nomidagi insoniy birodarlik mukofoti 2026 yilgi laureatlari e'lon qilindi

Zayed nomidagi insoniy birodarlik mukofoti 2026 yilgi laureatlari e'lon qilindi

2026 yilgi Zayed nomidagi insoniy birodarlik xalqaro mukofoti Armaniston va Ozarbayjonga, shuningdek, afgʻonistonlik inson huquqlari himoyachisi Zarka Yaftaliga topshiriladi. Bu gʻoliblar ushbu global tashabbus tarixida ilk bor Kavkaz va afgʻon xalqi vakillari sifatida e'tirof etildi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Hakamlar hay'ati Armaniston va Ozarbayjon o'rtasida imzolangan tarixiy tinchlik kelishuvini o'n yillab davom etgan mojaroni yakunlash, gumanitar iztiroblarni kamaytirish hamda munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan eng muhim muloqot jarayonlaridan biri sifatida baholadi. Mukofot bosh kotibi, sudya Moxamed Abdelsalam bu natija ikki xalq uchun xavfsiz kelajak poydevorini qo'yishini ta'kidladi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mukofotni hukumat va jamiyatning umumiy sa'y-harakatlari tan olinishi, deb atadi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev esa xalqaro hay'at tinchlik yo'lidagi tashabbuslarni qadrlagani butun mintaqa uchun alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Ikkinchi laureat Zarka Yaftali ayollar va bolalarning ta'lim olish huquqini himoya qilishdagi jasorati uchun taqdirlandi. Uning faoliyati 100 mingdan ortiq kishini ta'lim resurslari va psixologik ko'mak bilan ta'minlashga yordam berdi. YuNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassell Yaftalining tinimsiz yetakchiligini e'tirof etdi, huquq himoyachisi esa bu g'alaba afgʻon ayollari uchun kuchli umid xabari bo'lishini aytdi.

Gʻoliblarni mustaqil xalqaro hay'at tanladi. Hay'at tarkibiga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, Yevropa kengashi sobiq prezidenti Sharl Mishel, Afrika ittifoqi komissiyasining sobiq raisi Mussa Faki Moxamat, YuNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassell, Muqaddas Taxtning madaniyat va ta'lim dikasteriyasi prefekti kardinal Xose Tolentino de Mendonsa hamda mukofot bosh kotibi sudya Moxamed Abdelsalam kirdi.

Saida Mirziyoyeva laureatlar e'lon qilinishi tinchlik va inson qadr-qimmatiga sadoqatni ifodalayotgani, xalqaro hamjamiyatga yangi umid berishini ta'kidladi.

Mukofot topshirish marosimi 4 fevral 2026 kuni — Xalqaro insoniy birodarlik kunida bo'lib o'tadi. Tadbir Abu-Dabidagi Asoschi memorialida, soat 18:00 da (Toshkent vaqti bilan) boshlanadi.

Shayx Zayed bin Sulton Al Nahayonning gumanitar merosi hamda Papa Fransisk va Al-Azhar buyuk imomi Ahmad Al-Tayeb imzolagan qo'shma hujjatdan ilhomlangan ushbu mukofot 2019 yildan buyon dunyoning 19 mamlakatidan 19 nafar laureatni taqdirladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Madaniyat » Zayed nomidagi insoniy birodarlik mukofoti 2026 yilgi laureatlari e'lon qilindi