Pixar studiyasi shaxsiy mavzulardan voz kechib sifatli kinoga qaytmoqda

Mashhur Pixar animatsiya studiyasi ijodiy yo'nalishini tubdan o'zgartirishga qaror qildi. Studiyaning kreativ direktori Pit Dokterning The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida ma'lum bo'lishicha, kompaniya so'nggi yillarda kuzatilgan muvaffaqiyatsizliklardan xulosa chiqargan. Avvalroq studiya rejissyorlarning shaxsiy kechinmalari va psixoterapevtik mavzularga asoslangan loyihalarga urg'u bergan edi. Biroq "Luka", "Jon" va "Bazz Layter" kabi kartinalar kutilgan moliyaviy natijalarni bermadi. Bu haqda playground.ru xabar beradi.
2023 yilda Pit Dokter jamoa oldida chiqish qilib, avtobiografik yo'nalish xato bo'lganini tan oldi. Natijada studiya o'z siyosatini o'zgartirib, murakkab ijtimoiy mavzular va nozik masalalarni filmlardan olib tashlashga kirishdi. Xususan, "Elio" va "Boshqotirma 2" loyihalarida personajlarning shaxsiy hayotiga oid bahsli jihatlar tahrir qilindi. Mutaxassislarning fikricha, ota-onalar farzandlari bilan bunday murakkab mavzularda suhbatlashishga hali tayyor emas.
Ushbu o'zgarishlar o'z samarasini bera boshladi. "Boshqotirma 2" animatsion filmi 2024 yilning eng kassabop loyihasiga aylanib, qariyb 1,7 milliard dollar daromad keltirdi. Bu ko'rsatkich studiyaning to'g'ri yo'ldan ketayotganini va tomoshabinlar oddiy, ammo sifatli hamda qiziqarli hikoyalarni sog'inganini ko'rsatadi. Endilikda Pixar jamoasi asosiy e'tiborni tomoshabinlar uchun chinakam zavq bag'ishlaydigan va barcha yoshdagi insonlar tushuna oladigan sifatli kino mahsulotlarini yaratishga qaratmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!