Boliviyada O‘zbekiston bayrog‘i o‘rnatildi: “Tarix yozildi!”

Aktrisa va bloger Zebo Raximova ayni kunlarda turli davlatlarga sayohat qilib, dunyoning eng go‘zal va hayratlanarli maskanlaridan lavhalarni muxlislari bilan bo‘lishib kelmoqda. U o‘zining Instagram sahifasida joylayotgan videolari orqali kuzatuvchilarini yangi manzillar bilan tanishtirib bormoqda.
So‘nggi videolardan biri Janubiy Amerikadagi Boliviya hududida joylashgan mashhur Salar de Uyunidan e’lon qilindi. Mazkur post qisqa vaqt ichida katta qiziqish uyg‘otdi.
Videoda aktrisa hamkasbi Umid Eshonqulov bilan birgalikda ushbu mashhur maskanda O‘zbekiston bayrog‘ini o‘rnatgani aks etgan. Ma’lum bo‘lishicha, bu hududda Argentina, Kuba, Braziliya, Janubiy Koreya, Ekvador kabi davlatlarning bayroqlari allaqachon mavjud.
“Bu yerda juda ko‘plab davlatlarning bayroqlari bor. Nega bizniki bo‘lmasligi kerak? Biz ham o‘z bayrog‘imizni olib keldik”, deya ta’kidlaydi Umid Eshonqulov videoda.
Zebo Raximova esa ushbu lahzani alohida faxr bilan izohlab: “Endi Janubiy Amerika, Boliviyada joylashgan Salar de Uyunida O‘zbekiston bayrog‘i ham bor. Faxrlanaman, biz buni uddaladik. Tarix yozildi, do‘stlar. Endi bu yerga kelgan mehmonlar o‘zbeklar ham kelganini biladi”, deya yozib qoldirgan.
Mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lib, ko‘plab foydalanuvchilarning layk va iliq izohlariga sazovor bo‘lmoqda.
