Gollivudda “Oskar”ga munosib hayvon yulduzlari kimlar?

Gollivudda “Oskar”ga munosib hayvon yulduzlari kimlar?

Kino sanoatidagi hayvon qahramonlar ko‘pincha tomoshabinlar xotirasida inson aktyorlaridan kam bo‘lmagan iz qoldiradi. Ularning tabiiyligi, sun’iylikdan yiroqligi va rolni samimiy tarzda “yashab berish” qobiliyati ko‘plab filmlarda ularni haqiqiy yulduzga aylantiradi.

Keyko — erkinlik ramzi bo‘lgan kosatka

Basseyning chetida o‘tirgan bola og‘zi ochiq kosatka kitiga qarab turibdi.

1976 yil atrofida Islandiya qirg‘oqlari yaqinida tug‘ilgan Keyko keyinchalik dengiz parkiga olib ketilgan va uzoq yillar tutqunlikda yashagan. Uning hayoti “Villini ozod qiling” filmi orqali butun dunyoga tanilganidan so‘ng keskin o‘zgardi. Filmdagi ta’sirchan syujet tomoshabinlarni hayratga solib, kosatkani tabiiy muhitiga qaytarish bo‘yicha keng harakat boshlanishiga sabab bo‘ldi. Keyko shu tariqa nafaqat kino qahramoni, balki ekologik o‘zgarishlar timsoliga ham aylandi.

Maks — “Niqob”ning yorqin yulduzi

Kichkina it og‘zida yashil niqobni tishlab turibdi.

Jim Kerri ishtirokidagi mashhur “Niqob” filmidagi Maks it obrazi tomoshabinlar yodida chuqur muhrlanib qolgan. Kichik jussasiga qaramay, u sahnalardagi hazil va dinamik harakatlari bilan filmga o‘ziga xos joziba bag‘ishlagan. Ushbu obraz Jek-rassel-terer zotining ommalashuviga ham katta ta’sir ko‘rsatgan.

Kristal— Golli vudning iste’dodli maymuni

Yuzida soqol ko‘pigi bo‘lgan odam va uning yonida kalit ushlagan maymun.

Kapuchin turiga mansub Kristal o‘nlab mashhur film va seriallarda ishtirok etgan. Uning rollari orasida “Vegasdan Bangkokkacha”, “Biz hayvonot bog‘i sotib oldik” va “Muzeydagi tun” kabi loyihalar bor. Murabbiylar uning buyruqlarni tez anglashi va professional ish uslubini yuqori baholashgan.

Jimmi — ekranlarni zabt etgan qarg‘a

Shlyapali kishi bank kassasi oldida tashvishli olomon va qarg‘a yonida turibdi.

1930–1950 yillar Gollivudida Jimmi nomli qarg‘a eng noodatiy aktyorlardan biri bo‘lgan. U “Oz mamlakati sehrgari” va “Bu ajoyib hayot” kabi klassik filmlarda ishtirok etgan. Uning aql-zakovati haqida ko‘plab afsonalar mavjud bo‘lib, hatto yozuv mashinkasidan foydalangani haqida ham gaplar tarqalgan.

Bart — rejissyorlar sevimli ayig‘i

Tog‘ tizmalari va archalar fonida qo‘ng‘ir ayiq turibdi.

Grizli turiga mansub Bart 15 dan ortiq filmda suratga tushgan. U “Kuz afsonalari”, “Oq tish” kabi loyihalarda mashhur aktyorlar bilan birga ekranda paydo bo‘lgan. Katta jussasiga qaramay, u suratga olish maydonchasida intizomli va osoyishta hayvon sifatida tanilgan. Hatto uni “Ayiq” filmi uchun “Oskar”ga nomzod qilish taklifi ham bildirilgan.

Kino tarixida bu kabi hayvon aktyorlar insonlar bilan bir safda turib, ekrandagi obrazlar orqali katta shuhrat qozongan. Ular tabiiyligi va samimiyligi bilan millionlab tomoshabinlar qalbidan joy olgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar