Zebo Rahimova: “Aslida ismim Munisa bo‘lishi kerak edi” (video)

Zebo Rahimova: “Aslida ismim Munisa bo‘lishi kerak edi” (video)
Qisqacha

Aktrisa va bloger Zebo Rahimova "Intervyu TV" loyihasiga bergan intervyusida asl ismi Zebiniso bo‘lsa-da, unga Munisa ismini qo‘yish rejalashtirilgani haqida so‘zlab berdi. Unga ko‘ra, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olib kelish uchun borgan bobosi hayajon sababli ismni esidan chiqarib yuborgan va ZAGS xodimining maslahati bilan hujjatlarga uning ismi Zebiniso deb yozib yuborilgan.

Aktrisa va bloger Zebo Rahimova "Intervyu TV" loyihasiga bergan intervyusida o‘z ismiga oid ko‘pchilik bilmagan qiziqarli voqeani so‘zlab berdi. Uning aytishicha, asl ismi Zebiniso bo‘lsa-da, aslida unga Munisa ismini qo‘yish rejalashtirilgan ekan.

Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, u uzoq kutilgan farzand bo‘lmagan. Ota-onasi turmush qurganidan ko‘p o‘tmay onasi homilador bo‘lgan va u dunyoga kelgan. Onasi qiziga Munisa deb ism qo‘yishni niyat qilgan.

Biroq tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun ZAGSga borgan bobosi qanday ism qo‘yish rejalashtirilganini hayajon sabab esidan chiqarib yuborgan.

"ZAGSdagi xodima bobomdan: 'Onangizni ismi nima?' deb so‘ragan. Bobom 'Zebiniso deb javob bergan. Shunda xodima: 'Unda Zebiniso deb qo‘ya qoling. Chiroyli ism ekan. Uyda xohlagancha chaqiraverasizlar', degan. Shundan keyin ismim hujjatlarda Zebiniso bo‘lib qolgan," — deydi aktrisa.

Zebo Rahimovaning aytishicha, onasi bu voqeadan xabar topgach, ancha ranjigan.

"Oyim meni Munisa deb atamoqchi bo‘lgan. O‘sha paytlarda Munisa, Zilola kabi ismlar urf edi. Tug‘ruqxonada hatto yig‘lab, 'Shunaqayam eski ism qo‘yadimi?' deb xafa bo‘lganlar. 'Mohira va Munisa bir-biriga juda mos tushadi', deb niyat qilgan ekanlar. Hatto ikki haftacha arazlab ham yurganlar," — deya kulib esladi u.

Shu bilan birga, aktrisa bugun Zebiniso ismini juda yaxshi ko‘rishini ham ta’kidladi. Uning aytishicha, bu ismning ma’nosi ham juda chiroyli va yillar o‘tishi bilan u o‘z ismiga mehr qo‘ygan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar