1. Siz haqingizda gap ketganida, navoiyliklar “Ilhom Farmonov o‘zimizdan”, deyishadi. Biroq Xatirchiga borganingizda o‘zingiz bu fikrni tasdiqlamagan ekansiz?
— Bu voqeani eslolmadim. Xatirchiliklar qayerdanligimni so‘rashsa, “o‘zingizdanman”, deyman. Otam navoiylik, Toshkentga kelib, tahsil olib, poytaxtda qolgan. Onam andijondan, biz farzandlar Toshkentda tug‘ilganmiz. Ko‘pchilik meni qayerda tug‘ilganim ustida bahs boylashganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman (kuladi). Navoiyda amakilarim, Andijonda tog‘alarim bor, tez-tez borib turaman. Shunday ekan, Ilhom Farmonov ham navoiylik, ham andijonlik, xullas, o‘zbekistonlikman.
2. Ilhom Farmonovning davri o‘tdimi yo bugun raqobatga dosh berolmayaptimi?
— Nafaqat san’at sohasida, balki boshqa kasblarda ham o‘ylangan natija doim bo‘y ko‘rsatavermaydi. Yangi hamkorlar bilan ishlab, xalqning nazariga tushadigan, olqish olib keladigan qo‘shiqlar yozib, tinimsiz harakatdaman. Davr masalasiga to‘xtalsak, shukr har kuni xalq xizmatidaman. Har bir davrada mehr-muhabbat bilan kutib olib, xuddi shu hurmat bilan kuzatib qo‘yishadi. Bunday e’tibordan hatto oylar, yillar qanday o‘tib ketayotganini sezmay ham qolyapman.
3. Ilhom Farmonov “to‘ychivoy” xonandami yo san’atkor?
— San’atkor! Otam bolaligimdan “O‘z sohangning yetakchi mutaxassisi bo‘lgin. Hech qachon pulning ortidan quvmagin”, deb uqtirgan. Xalq xizmatlariga borsam ham “falon vaqtdan falon vaqtgacha bo‘shman”, deya shoshma-shosharlik qilmayman. Sidqidildan xizmat qilib, xonadonning kattalaridan duo olib, rozi qilib, so‘ng ketaman.
4. Ijodingizda son ustunlik qiladimi yo sifat?
— Qay bir qo‘shiq ommalashishini bilib bo‘lmaydi. Lekin doim har bir qo‘shig‘imga professional darajada yondashaman. Aniqrog‘i, sifat uchun ishlayman. Sira konsert va albomlar ro‘yxatini to‘ldirish maqsadida son uchungina qo‘shiq yozgan emasman.
5. Nega avvalgidek “xit” qo‘shiqlar repertuaringizni boyitmay qo‘ydi?
— To‘g‘ri, ketma-ket qo‘shiqlarni taqdim qilyapmiz, lekin kutilganidek ommalashmayapti. “Xit” qo‘shiq yozish, bu aniq fan emas-da, hisob-kitob qilib, ko‘zlangan natijaga erishilsa. Balki reklamaga u qadar e’tibor qaratmaganim uchun natija o‘zini uzoq kuttirayotgandir?! Lekin doimiy ijod “ummon”idaman, bir nechta yangi qo‘shiqlar hozirlab qo‘yganman. "Harakatda barakat", deydi-ku.
6. “Yashang” qo‘shig‘ingizning klipi g‘oyasi sizga manzur kelganmi? Klipmeykerga ko‘chirmakashligi uchun haq to‘laganingizdan xabaringiz bormi?
— Klip mavzusi g‘oyasini klipmeykerga o‘zim berganman. Xonandalar har kuni xalq xizmatida, to‘y egalarining yaqinlari biz san’atkorlarni to‘yona qilishadi. Aynan shu kundalik hayotimizni klipga ko‘chirishni istagandim. Lekin klipmeykerning ko‘chirmakashlik qilganidan xabarim yo‘q edi. Aslida ko‘chirmakash, demagan bo‘lardim. Balki g‘oyam o‘sha xorij klipiga mos kelib qolgan va undan ilhomlangandir, bundan ranjimadim.
7. So‘nggi besh yillikda siz kuylashni istagan qo‘shiq chiqdimi?
— (O‘ylanib) O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman o‘sha” qo‘shig‘ini e’tirof etaman. Vatan haqida aynan shunday yondashuv, jiddiy tayyorgarlik bilan qo‘shiq kuylashni niyat qilib yurgandim.
8. O‘g‘lingiz Islom Farmonov “Ilhom Farmonovning o‘g‘li” degan nomdan boshqa nima orttirdi? O‘g‘lingiz soyangizda qolib ketishidan qo‘rqmaysizmi?
— Bolaligidan “Tomosha” guruhida tahsil oldi, davlat tadbirlarida ishtirok etdi. So‘ng mustaqil ijod boshladi. Hozir ovozi o‘zgaradigan paytda bo‘lgani uchun qo‘shiq kuylamayapti. Oradagi tanaffusda Islomni ilmga yo‘naltirganman. Gitara, g‘ijjak, rubob, fortepiano chalishni mukammal o‘rganyapti. Soyamda qolib ketmasligiga ishonaman. Boisi farzandlarimni mustaqil qilib tarbiyalayman. Meni nomimdan foydalanib, ish bitirishiga ruxsat yo‘q! Hayotni og‘ir-yengilini tatib ko‘rishi uchun ham o‘zi oyoqqa turishi lozim.
Suratda: Ilhom Farmonov o‘g‘li bilan.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi