19:48 / 14.12.2021
4 690

Hindistonlik 21 yoshli model va aktrisa «Koinot go‘zali — 2021» tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi (foto)

Hindistonlik 21 yoshli model va aktrisa «Koinot go‘zali — 2021» tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi (foto)
Foto: Marie Claire
«Koinot go‘zali — 2021» tanlovi o‘z yakuniga yetdi. Unda hindistonlik 21 yashar model Harnaaz Sandhu g‘olib deb topildi.

Isroilning janubidagi Eylat shahrida bo‘lib o‘tgan tanlovda brilliant tojni qo‘lga kiritish uchun butun dunyodan 80 nafar qiz va ayollar ishtirok etdi. Natijalar 12 dekabr kechasi e’lon qilingan. Unga ko‘ra, paragvaylik Nadya Ferreyra ikkinchi, afrikalik Lalela Msvane uchinchi o‘ringa loyiq deb topilgan.

Foto: Marie Claire
Go‘zal bo‘lish uchun o‘zini noyob deb bilish kerakligini aytgan «Koinot go‘zali» auditoriyaga: «O‘zingizni boshqalar bilan taqqoslashni bas qiling», — deb tavsiya bergan.

Foto: Marie Claire
«Men o‘zimga ishonganim uchun ham bugun bu yerdaman», — degan Harnaaz. Uning bu so‘zlari auditoriyadagilarning olqishlariga sabab bo‘lgan.

Foto: Marie Claire
Shuningdek, u nutqi davomida bulling (bezorilik) va bodi-sheyming (tana tuzilishi bilan bog‘liq diskriminatsiya)dan aziyat chekkanini ham ta’kidlagan. Toj kiydirilganidan keyin Sandhu Hindistonni bir necha marta panjob tilida g‘alaba bilan tabriklagan.

Harnaaz ushbu maqomga ega bo‘lgan ilk hindistonlik emas. Undan avval Sushmita Sen va Lara Duttalar ham «Koinot go‘zali» deb topilgan.

Sandhu Hindistonning shimolida joylashgan Chandigarx shahrida dunyoga kelgan. G‘olib bo‘lguniga qadar Chandigarxda model va aktrisa bo‘lib ishlagan qiz endilikda tanlov shartlaridan kelib chiqib AQSHga ko‘chib o‘tishi mumkin. Bo‘yi 152,4 santimetrni tashkil qiladigan ishtirokchi qo‘shiq kuylash, raqs tushish, suzish va yoga bilan shug‘ullanishdan tashqari, ot minish va pazandachilikni ham yaxshi ko‘radi. Ingliz maktabini tamomlagan model davlat boshqaruvi yo‘nalishida diplom olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Nutqi davomida u iqlim o‘zgarishi haqida ham gapirib o‘tgan. «Kamroq gapirib, ko‘proq harakat qilish vaqti keldi. Oldini olish va himoya qilish, pushaymon bo‘lish va bartaraf qilishdan yaxshiroq», — degan u.

Uning koronavirusga qarshi kurashish, gigiyena masalalari bo‘yicha ogohlikni oshirish, shuningdek, psixologik muammolari bor odamlarga yordam berishga befarq emasligi ham ma’lum bo‘lgan.

Bu ilk marta 1952 yil Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan «Koinot go‘zali» tanlovining 70-yubileyi hisoblanadi. Koronavirus bilan bog‘liq pandemiya hisobida esa tanlov ikkinchi marta o‘tkazilmoqda. Avvaliga Isroil hukumati minglab vaksina olgan muxlislarni qarshi olishni rejalashtirgan, ammo «omikron» shtammining paydo bo‘lishi munosabati bilan ushbu qarorga o‘zgartirish kiritilgan. Tadbir bo‘lishidan ikki hafta avval mamlakat chegaralarining xorijliklar uchun yopilishi ko‘plab mojarolarga sabab bo‘lgan.

Ishtirokchilardan biri, «Fransiya go‘zali» maqomiga egalik qiluvchi qizning Isroilga kelgandan so‘ng topshirgan test javobi ijobiy chiqqan. Shundan keyin u karantinga olingan.

Foto: Marie Claire
Eslatib o‘tamiz, pandemiya bilan bog‘liq holat sabab «Koinot go‘zali-2020» tanlovi ham 2021 yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan. Unda birinchi o‘ringa loyiq deb topilgan 26 yashar meksikalik Andrea Meza tanlov tojini 2021 yilgi g‘olib Harnaazga topshirgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Hindistonlik 21 yoshli model va aktrisa «Koinot go‘zali — 2021» tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi (foto)