10:00 / 29.09.2022
1 875

1 oktabrdan boshlab qonunchiligimizda nimalar o‘zgarmoqda?

1 oktabrdan boshlab qonunchiligimizda nimalar o‘zgarmoqda?
2022 yil 1 oktabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.

2013–2015 yillarda berilgan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb hisoblanadi

Hukumat qaroriga asosan 2013–2015 yillarda berilgan eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Bunda eski namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan haydovchilar mazkur muddat tugamasidan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini olishi talab etiladi.

Kasanachiga zarur asbob-uskuna xarid qilish uchun subsidiya miqdori oshiriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 apreldagi PQ-214-son qarorining 4-bandiga muvofiq, kasanachiga zarur asbob-uskuna xarid qilish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga ajratiladigan subsidiya miqdori amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi.

Quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish imkoniyati yaratiladi

Prezident farmoni bilan jismoniy shaxslarga Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, farmonga muvofiq quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan gidroelektrstansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qiluvchi funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan kafolatlangan tarzda sotib olinadi.

Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilish xarajatlarining 70 foizi qoplab beriladi

Prezident farmoniga binoan 2022 yil 1 oktabrdan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishda, shu jumladan eksport qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xarid qilingan xomashyoni respublika bo‘ylab tashishda transport xarajatlarining 70 foizi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan ro‘yxatga asosan Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.

«Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri» yuritiladi

Hukumat qaroriga asosan davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron savdo va tenderlarda teng raqobat muhitini yaratish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olish maqsadida:

Davlat soliq qo‘mitasi soliq xavfi yuqori deb baholangan soliq to‘lovchilar ro‘yxatini o‘z rasmiy veb-saytida joylashtiradi;

Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan soliq to‘lovchilar davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ tomonidan «Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri»ga kiritiladi.

Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab (xatlab) qo‘yilgani to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi

Hukumat qaroriga asosan «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab (xatlab) qo‘yilgani, shuningdek taqiqlab (xatlab) qo‘yish bekor qilingani to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi.

IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 milliard so‘mgacha grantlar ajratiladi

Prezident qaroriga asosan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan grantlar ajratish tartibi joriy qilinadi.

Bolalarga mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha eng yaxshi loyihalarga tanlov e’lon qilinadi

Prezident qaroriga asosan bolalar uchun mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda bo‘lgan tanlov e’lon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qo‘shimcha ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Ko‘p kvartirali uy-joylarni zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

Prezident farmoniga asosan respublika hududidagi ko‘p kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi va xatlov natijasiga ko‘ra ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan ko‘p kvartirali uy-joylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.

«Nurli maskan» maktablari negizida ko‘zi ojiz bolalarni maktabga tayyorlovchi bir yillik muddatli tayyorlov guruhlari tashkil qilinadi

Prezident qarori bilan «Nurli maskan» maktablari negizida ko‘zi ojiz bolalarni maktabga tayyorlovchi bir yillik muddatli tayyorlov guruhlari faoliyati tashkil qilinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 1 oktabrdan boshlab qonunchiligimizda nimalar o‘zgarmoqda?