19:24 / 22.12.2022
1 176

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida Davlatlararo kengash tuzilmoqda

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida Davlatlararo kengash tuzilmoqda
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar.

O‘zbekiston Prezidenti so‘zining avvalida ko‘p millatli xalqimiz va shaxsan o‘z nomidan Qozog‘iston Prezidenti va qardosh xalqini yaqinda nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Qardosh o‘zbek va qozoq xalqlari ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langani ta’kidlandi.

- Umumiy tariximiz, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz bizni birlashtirib turadi. Qozog‘iston O‘zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli va davr sinovidan o‘tgan hamkordir.

Bugungi murakkab zamonda o‘zaro munosabatlarimiz davlatlararo hamkorlikning namunasi bo‘la oladi, deb hech mubolag‘asiz aytishimiz mumkin
, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekiston va Qozog‘iston ikki tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish va boyitish, ularga sifat jihatidan yangi amaliy mazmun berishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi.

Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq javob beruvchi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani tashrifning eng muhim natijasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari darajasidagi Davlatlararo kengash tuzilmoqda.

Bu bilan bir-birimizni faol qo‘llab-quvvatlashga, zamon xatarlari oldida yelkama-yelka qat’iy turishga tayyorligimizni tasdiqladik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qabul qilingan navbatdagi muhim hujjat – birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chegaralarning huquqiy rasmiylashtirilishini to‘liq yakuniga yetkazgan O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnoma.

Bu chinakam tarixiy voqea. Hech shubhasiz, chegaralarimiz doimo haqiqiy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Faol siyosiy muloqot tufayli barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani, keng ko‘lamli hamkorlik jadal sur’at bilan rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshgani va besh milliard dollarga yaqinlashgani buning tasdig‘idir.

Biz uchinchi mamlakatlarning qimmat importi o‘rnini ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlari bilan to‘ldirish orqali bu ko‘rsatkichlarni yaqin orada karrasiga oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhni shakllantirish va o‘rnini bosish rejalashtirilayotgan mahsulotlarni tizimli yetkazib berish uchun qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

An’anaviy ravishda bir-birini to‘ldirib turgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari Samarqand viloyatida issiqlik elektr stansiyasini qurish, Toshkent viloyatida kompleks va fosforli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, logistika markazini tashkil etish, Toshkentda uy-joy va tijorat infratuzilmasini barpo etish, Qo‘stanoyda avtomobillar va Qarag‘andi viloyatida maishiy texnika ishlab chiqarish kabi yirik loyihalarga start berib, bu boradagi sheriklik rivojiga yangi sur’at bag‘ishladilar.

Biz, shuningdek, o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun muhim maydon bo‘ladigan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini barpo etishga kirishamiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Muzokaralar chog‘ida energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish, geologiya-qidiruv ishlarini bajarish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash borasida yangi loyihalar amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Shu maqsadda ikki mamlakat hududlarida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro yetkazib berishga kelishib olindi.

Kun tartibida transport va logistika masalalari muhim o‘rin egalladi. Transport-tranzit salohiyatini yanada oshirish, yangi temir va avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarini faollashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.

Davlat rahbarlari transchegaraviy suv resurslaridan hurmat va ishonch ruhida birgalikda foydalanish borasidagi hamkorlikni davom ettirish hamda Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Parlamentlarning roli ortib borayotganini hisobga olib, qonun chiqaruvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi aloqalar faollashtiriladi. Kelgusi yilda Toshkentda Parlamentlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimiz muzokaralarda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga katta e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

Joriy yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonladi. Oktabr oyida Olmaotada «Orol durdonasi» ko‘rgazmasi, noyabrda Ostonada O‘zbekiston madaniyati kunlari, dekabr oyida esa Yoshlar kongressi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Shu kunlarda O‘zbekistonda qozoq xalqining ardoqli farzandi Abay Qo‘nonboyevga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tmoqda.

Abayning o‘lmas merosi bugun ham mintaqamiz xalqlari uchun, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilda ham madaniyat kunlari, qo‘shma kinofestivallar, taniqli san’atkorlarning ijod kechalarini o‘tkazishga kelishib olindi. Bu qardosh xalqlarimizning yanada yaqin bo‘lishiga, umumiy tarixiy ildizlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Qozog‘iston bugungi kunda global o‘zgarishlar markaziga aylanib borayotgan mintaqamizda taraqqiyot va ravnaqni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishini ta’kidladi.

Markaziy Osiyoda ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash umumiy barqaror taraqqiyotning kafolatidir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borish muhimligi alohida qayd etildi.

O‘tkazilgan muzokaralarda nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida mamlakatlarimiz ilgari surayotgan tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Umumiy manfaatlar mavjudligini hisobga olib, tomonlar BMT, MDH, SHHT, TDT, IHT, OHICHK doirasida hamda «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi davomida ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani bizni juda xursand qiladi.

Munosabatlarimizni har tomonlama mustahkamlash va rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakat va imkoniyatlarni yo‘naltiramiz
, – dedi so‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida Davlatlararo kengash tuzilmoqda