14:05 / 12.01.2023
409

Ayrim jinoyat turlari uchun jazo choralari og‘irlashtiriladi

Ayrim jinoyat turlari uchun jazo choralari og‘irlashtiriladi
“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Jinoyat kodeksida 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchi nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgan yoxud uni jinsiy aloqa qilishga majbur etgan yoki fohishalikka jalb qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlagan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Xususan, ularga nisbatan:
  • jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmaydi (hozirda bu turdagi jinoyatni sodir etganlarga nisbatan tayinlangan jazoning yarmi o‘talgach, jazo yengilrog‘iga almashtirilishi yoki uchdan ikki qismi o‘talgach, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi mumkin);
  • tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun jazo tayinlashda yengillik berilmaydi (hozirda tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun tayinlanadigan jazo Jinoyat kodeksining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerak).

Quyidagi jinoyatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda:
  • ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash (115-modda. Taklif: 30 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari. Amalda: 15 mln so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari);
  • nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (118, 119-moddalar. Taklif: 1-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, amalda: 1-qismi 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish);
  • shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda. Taklif: 300 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, amalda: 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari; og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lganda – 3 yildan 5 yilgacha ozodligi cheklanadi yoki ozodlikdan mahrum qilinadi);
  • 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (128-modda. Taklif: 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, amalda: 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish, og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lganda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi);
  • 16 yoshga to‘lmaganga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish (129-modda. Taklif: 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, amalda: 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish, og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lganda – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi).

Shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda (141-3-modda).

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ayrim jinoyat turlari uchun jazo choralari og‘irlashtiriladi