19:02 / 18.03.2024
192

Toshkentda uy-joy ijara narxlari yana pasaydi

Toshkentda uy-joy ijara narxlari yana pasaydi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024 yilning fevral oyida Toshkent shahrida taklif etilgan uy-joy ijara narxlarini tahlil qildi.

Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. 2024 yil fevral oyida poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan turkumdagi xonadonlar ijara narxlarida yanvar oyiga nisbatan o‘rtacha 0,34 foiz, to‘liq ta’mirlangan turkumdagi uy-joylar ijara narxlarida esa o‘rtacha 0,13 foiz tushish kuzatildi.

O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasi

2024 yil fevral oyida ushbu sinfdagi 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari o‘tgan yanvar oyiga nisbatan o‘rtacha 0,3 foizga pasayib, 394 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar ijara narxlari 0,2 foizga arzonlab, o‘rtacha 441 dollargacha tushgan. Shuningdek, o‘rtacha ta’mirlangan 3 va 4 xonali uylar ijara narxlari 0,4 foizga pasayib, mos ravishda 514 va 594 dollarni tashkil etgan.

O‘rtacha ta’mirlangan turkumdagi uylar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali – 358 dollar, 2 xonali – 393 dollar, 3 xonali – 435 dollar, 4 xonali – 450 dollar), Olmazor (1 xonali – 357 dollar, 2 xonali – 415 dollar, 3 xonali – 455 dollar, 4 xonali – 490 dollar) tumanlarida taklif etilgan bo‘lsa, ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Yakkasaroy (1 xonali – 420 dollar, 2 xonali – 488 dollar, 3 xonali – 657 dollar, 4 xonali - 738 dollar) va Mirobod (1 xonali – 467 dollar, 2 xonali – 520 dollar, 3 xonali – 620 dollar, 4 xonali - 832 dollar) tumanlarida kuzatilgan.

Ma’lumot uchun: 2023 yil noyabr oyidan 2024 yil fevral oyigacha bo‘lgan davrda o‘rtacha ta’mirlangan 1 va 2 xonali uylar uchun ijara narxlari mos ravishda 1,8 foiz (401 dollardan 394 dollarga) va 2,4 foizga (452 dollardan 441 dollarga) tushgan.

To‘liq ta’mirlangan uylar ijara narxlari

Fevral oyida to‘liq ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari 475 dollarni tashkil etib, o‘tgan yanvar oyiga nisbatan 0,3 foizga tushgan bo‘lsa, 2 xonali uylar uchun ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 651 dollar va 0,6 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 3 xonali uylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida (790 dollar) ham biroz (0,1 foiz) tushish kuzatildi. Lekin to‘liq ta’mirlangan 4 xonali uylar o‘rtacha ijara narxlari 0,4 foiz oshib, 919 dollargacha ko‘tarilgan.

To‘liq ta’mirlangan turkumdagi uylar uchun eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali – 393 dollar, 2 xonali – 462 dollar, 3 xonali – 560 dollar, 4 xonali – 761 dollar) va Uchtepa (1 xonali – 401 dollar, 2 xonali – 498 dollar, 3 xonali - 617 dollar, 4 xonali – 850 dollar) tumanlarida hamda ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Shayxontohur (1 xonali – 555 dollar, 2 xonali – 848 dollar, 3 xonali – 1057 dollar, 4 xonali – 1028 dollar) va Mirobod (1 xonali – 570 dollar, 2 xonali – 861 dollar, 3 xonali – 1024 dollar, 4 xonali – 1128 dollar) tumanlarida kuzatilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda uy-joy ijara narxlari yana pasaydi