date

Islom Abdug‘aniyevich Karimovning kasalligi va vafoti sabablari to‘g‘risida tibbiy xulosa e’lon qilindi

Islom Abdug‘anievich Karimovning kasalligi va vafoti sabablari to‘g‘risida tibbiy xulosa e’lon qilindi

O‘zA Islom Abdug‘anievich Karimovning kasalligi va vafoti sabablari to‘g‘risida tibbiy xulosa matnini taqdim etdi. Bemor I.A.Karimov, 78 yoshda, 27 avgust kuni ertalab soat 09.00 da hushsiz holatda zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiyot-sanitariya birlashmasining Markaziy klinik shifoxonasiga olib kelindi.

O‘tkazilgan tekshiruvlar, jumladan, bosh miya kompyuter tomografiyasi bemorda bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi subaraxnoidal qon quyilish asorati bilan (insult) aniqlandi. Arterial qon bosimi 250/120 mm. simob ustuniga teng. Bemorda yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatildi. 20 daqiqa davomida olib borilgan reanimasion muolajalar natijasida yurak faoliyatini tiklashga erishildi. Bemor miya o‘zagi faoliyati buzilishi oqibatida atonik koma holatiga tushdi va sun’iy nafas olish apparatiga o‘tkazildi.

27 avgustdan 28 avgustga o‘tar kechasi bemor etakchi xorijiy klinikalarining neyroxirurglari, kardiolog va reanimatologlari – A.N.Bakulev nomidagi Yurak-tomir xirurgiyasi ilmiy markazi direktori, akademik L.Bokeriya, N.N.Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy markazi direktori, akademik A.A.Potapov (Rossiya), Gannover xalqaro neyroxirurgiya institutining vise-prezidenti va ijrochi direktori, professor Amir Sami (Germaniya), Kardiotorakal markaz direktori, professor Jilli Dreyfus (Monako), Xeydelberg universiteti klinikasining kardiologiya bo‘limi rahbari, professor Xyugo Katus (Germaniya), Xelsinki universiteti Markaziy gospitalining neyroxirurgiya bo‘limi professori Yuka Xernisniemi (Finlyandiya) tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

O‘zbekiston mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konsilium natijasida keyingi davolash rejasi belgilab olindi.

Bemorning nevrologik holati avval boshdan atonik koma sifatida qayd etildi. Nevrologik statusda diffuz mushak atoniyasi, arefleksiya kuzatildi. Bemorga uch marotaba dinamik elektroensefalografik tekshiruv o‘tkazilib, unda bosh miyaning bioelektrik faolligining susayishi aniqlandi.

O‘tkazilgan intensiv terapiya jarayonida bemorning ichki a’zolari (qon tomir, nafas olish, qon ivish tizimlari, buyrak va jigar) faoliyatining asta-sekin buzilishi – poliorgan etishmovchiligi kuzatildi.

Yuqorida qayd etilgan to‘liq hajmdagi diagnostika-davolash muolajalari va intensiv terapiya chora-tadbirlari o‘tkazilganiga qaramasdan 2016 yil 2 sentyabr kuni soat 20.15 da yurak faoliyati to‘xtadi.

Amalga oshirilgan intensiv reanimasiya tadbirlari natija bermadi va bemorda soat 20.55 da biologik o‘lim holati qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi
akademigi, tibbiyot fanlari
doktori, professor Sh.Karimov

Tibbiyot fanlari doktori,
professor V.Avakov

Tibbiyot fanlari doktori,
professor B.G‘afurov

Tibbiyot fanlari doktori,
professor G‘.Qoriev

Tibbiyot fanlari doktori,
professor R.Qurbonov

Tibbiyot fanlari doktori,
professor K.Mahkamov

Tibbiyot fanlari doktori,
shaxsiy shifokor P.Chernish
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Islom Abdug‘aniyevich Karimovning kasalligi va vafoti sabablari to‘g‘risida tibbiy xulosa e’lon qilindi