18:18 / 12.08.2024
33

Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi Islom instituti ochildi

Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi Islom instituti ochildi
Termizda O‘zbekistondagi ikkinchi Islom instituti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, abituriyentlar qabul qilishni boshladi. Shuningdek, ilk bor Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida magistratura yo‘nalishiga qabul ochildi.

Islom instituti o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining uzviy davomi sifatida Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, ta’lim muassasasida o‘qish muddati 4 yil bo‘lib, bakalavr darajasidagi oliy diniy ma’lumotli – hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Shuningdek, diniy idora Imom Termiziy nomidagi Islom institutiga 2024-2025 o‘quv yili uchun qabul ham ochilganini bildirdi. O‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 2024 yil 14 avgustdan 20 avgustga qadar davom etadi. Qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
  • ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
  • pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
  • o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;
  • 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi).

Abituriyentlar quyidagi fanlar bo‘yicha qabul imtihonlarini topshiradi:
  • Arab tili (test sinovi) 30 X 3,1 – 93 ball;
  • Hadis va mustalahul hadis (ijodiy imtihon) 63 ball;
  • O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30 X 1,1 – 33 ball.

Arab tili bo‘yicha V2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi. Shuningdek, ta’lim muassasasiga hujjat topshirish uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (170 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2024-2025 o‘quv yilidan ilk bor Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining magistratura yo‘nalishiga ham qabul jarayoni boshlanishini ma’lum qildi.

Toshkent islom instituti magistratura mutaxassisligiga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 14 avgustdan 20 avgustga qadar davom etadi.

Musulmonlar idorasi tizimidagi diniy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari haqida ushbu havola orqali yangiliklarni kuzatib borishingiz mumkin.

Diniy idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-2025 o‘quv yili uchun muftiyat tasarrufida 4 ta oliy va 10 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalar ishlab turibdi. Ularda qabul imtihonlarida ishtirok etish maqsadida 6,5 mingga yaqin abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi Islom instituti ochildi