date
views 394

Umra ziyoratchilaridan endi meningitga qarshi emlanish talab etilishi aytilmoqda

Umra ziyoratchilaridan endi meningitga qarshi emlanish talab etilishi aytilmoqda
2025 yil fevral oyi boshidan Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga boradigan ziyoratchilardan meningitga qarshi emlanganlik haqidagi hujjat talab etiladi. Ushbu davlat Sogʻliqni saqlash vazirligi shuni talab qiluvchi hujjat qabul qildi.

Saudiya Arabistoni Sogʻliqni saqlash vazirligi saytida e'lon qilingan yangi tartibga koʻra, mamlakatga Umra va Haj ziyorati yoki ziyorat davrida mavsumiy ishlash uchun keladiganlardan meningitga qarshi emlanish talab etiladi. Bu kasallik bosh miya qobigʻi va orqa miyaning yalligʻlanishi bilan kechadi. Unda aytilishicha, barcha mamlakatlardan keladigan 1 yosh va undan katta fuqarolar ushbu kasallikdan emlanganlik haqida sertifikat taqdim etishi kerak. Saytda qirollik tomonidan tasdiqlangan vaktsinalar nomi ham keltirilgan:

MenACWY polisaxarid vaktsinasi — oʻtgan uch yil ichida va mamlakatga kelishdan kamida 10 kun oldin qabul qilingan boʻlishi kerak;

MenACWY conjugated2 vaktsinasi — oʻtgan besh yil ichida va mamlakatga kelishdan kamida 10 kun oldin qabul qilingan boʻlishi kerak.

Bundan tashqari, Qirolikka kirish uchun poliomiyelit infektsiyasi va sariq bezgakka qarshi emlanganlik ham talab etiladi.

Oʻzbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi hamda Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda ishtirok etuvchi turfirmalar, shuningdek, aviakompaniyalarga ushbu holat boʻyicha xat bilan chiqdi. Unda ayni paytda respublikaning ayrim hududlarida meningokokk infektsiyasi boʻyicha epidemik vaziyat murakkablashgani qayd etilgan.


Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga koʻra, ayni davrda oʻtkir respiratorli infektsiyalar, shu jumladan, meningokokk infektsiyasi bilan kasallanish holatlari koʻpayishi kuzatilayotgani ma'lum qilingan. Ma'lumotlarga koʻra, har yili dunyo boʻylab taxminan 300 mingdan 500 minggacha meningit holatlari qayd etiladi. Shu jumladan, 30 mingdan 50 minggacha oʻlim holatlari kuzatiladi.

Ayni paytda respublikaning qator ma'muriy hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Jizzax, Namangan viloyatlarida meningokokk infektsiyasi boʻyicha epidemik vaziyat murakkablashgani kuzatilmoqda. Kasalliklar orasida oʻlim holatlari ham kuzatilgan. Epidemiologik surishtiruvlarda aksariyat holatlarda kasallik mamlakatdan tashqarida boʻlib qaytgan fuqarolarning muloqotidan keyin yuzaga kelgani, ayniqsa, Umra safari bilan bogʻliqligi aniqlangan
”, deyiladi qoʻmita xatida.

Qayd etilishicha, Umra va Haj ziyoratchilarini meningitga qarshi emlash ishlari 2019 yilga qadar Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Musulmonlar idorasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan birgalikda muntazam ravishda tizimli amalga oshirilib kelingan. Biroq Saudiya Arabistoniga kirish uchun viza olish tartibi elektron tizimga oʻtish davrida Umra ziyoratchilarining meningitga qarshi emlanganini nazoratga olish e'tibordan chetda qolgan. Hozirga qadar faqat Haj ziyoratchilari meningitga qarshi emlanib kelindi.

Buning oqibatida Makka va Madina shaharlarida meningit infektsiyasi bilan kasallangan ziyoratchilar boshqa ziyoratchilarga kasallikni yuqtirib, infektsiyani tarqatish manbasiga aylanmoqda. Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi aholi oʻrtasida meningokokkli infektsiyalarning kelib chiqishi va tarqalishi oldini olish maqsadida Umra safariga boruvchi fuqarolarga nisbatan ham ushbu tartibni joriy etishni maqsadga muvofiq deb hisoblashini bildirgan.

Shuningdek, qoʻmita fuqarolarni Haj va Umra ziyoratlariga (turfirmalar tomonidan ketayotganlarni ham) borishida Saudiya Arabistoni hududiga kirish uchun viza olish davomida meningokokk infektsiyasiga qarshi emlash tartibini joriy etishni tavsiya qilgan.

“Bu kamida sayohatga chiqishdan 15 kun yoki 1 oy oldin amalga oshirilishi kerak (agar avval emlanganlik sertifikati mavjud boʻlsa amal qilish muddati emlangan kunidan boshlab bir yilni tashkil qiladi). Shuningdek, havo tomchi yoʻllari orqali yuqadigan infektsiyalardan himoya qilish uchun ziyoratchilarning katta guruhlarini yopiq xonalarda boʻlganida nafas olish tizimini infektsiyalar kirib kelishidan himoya qiluvchi himoya niqoblaridan foydalanishni, qoʻllarni sovun yoki antiseptiklar bilan tez-tez yuvishni, yoʻtalayotganda va aksirganda salfetkalardan foydalanishni, kasallik belgilari yaqqol koʻrinib turgan fuqarolar bilan aloqa qilishdan saqlanishni hamda shaxsiy gigiyenaga rioya qilishni tavsiya etamiz”, deyiladi xatda.

Bundan tashqari, qoʻmita Sogʻliqni saqlash vazirligidan Haj va Umra ziyoratlariga boruvchi fuqarolarni meningokokk infektsiyasiga qarshi emlashda amaliy yordam berishni soʻragan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Umra ziyoratchilaridan endi meningitga qarshi emlanish talab etilishi aytilmoqda