23:51 / 26.01.2025
169

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qanday qonun hujjatlari qabul qilindi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qanday qonun hujjatlari qabul qilindi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan qator hujjatlar Oliy Majlis Senatiga yuborildi, deya xabar berdi quyi palata matbuot xizmati.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda suv resurslarini boshqarish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlar 10 ga yaqin qonun hujjatlari, shu jumladan, Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari, shuningdek 20 tadan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Ushbu hujjatlar suv munosabatlarini huquqiy tartibga solishga asos solgan boʻlsa-da, sohadagi munosabatlarni izchil va tizimli hal etadigan, suv qonunchiligining yagona muvofiqlashtirilgan tizimini shakllantirishni etarli darajada ta'minlay olmadi. Shundan kelib chiqib, suv va suvdan foydalanish sohasida yagona huquqiy hujjat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan Suv kodeksi loyihasida bir qator muhim normalar oʻz aksini topmoqda”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Aytilishicha, kodeksda belgilanayotgan normalar suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta'minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, suv etkazib beruvchilar va suv iste'molchilarining mas'uliyati oshirishga, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirilishiga xizmat qiladi.

Kodeks loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
  • suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida mas'ul organlarning vakolatlari, vazifa va funktsiyalarini aniq belgilash;
  • suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish;
  • suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlarini soddalashtirish;
  • suvni iste'molchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlari joriy etish;
  • suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • suv tejovchi texnologiyalaridan keng foydalanishni ragʻbatlantirish;
  • suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari.

Deputatlarning fikricha, kodeks loyihasining qabul qilinishi suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya qilishni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Majlisda ayrim normalarni maromiga etkazish uchun Kodeks loyihasi mas'ul qoʻmitaga qaytarildi”, — deyilgan xabarda.

Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat

Dputatlar “Harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervida oylik yigʻinlarni oʻtayotgan shaxslarning moddiy javobgarligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqishdi.

Aytilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonun bilan belgilangan harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligiga oid normalarga oydinlik kiritilib, mazkur masala yuzasidan yaxlit qonun hujjatini qabul qilish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida quyidagi normalar aniqlashtirilmoqda:
  • harbiy xizmatchilarni moddiy javobgarlikka tortish asoslari;
  • harbiy xizmatchilarning cheklangan yoki toʻliq moddiy javobgarligi masalalari;
  • etkazilgan zarar miqdorini aniqlash tartib-taomillari;
  • etkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi kabi muhim normalar.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga, harbiy intizomning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi”, — deya qayd etilgan xabarda.

Qurilish maydonlarida atmosfera havosi talablarini buzganlik uchun javobgarlik

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Qayd etilishicha, qurilish va urbanizatsiya koʻlamlarining kengayishi, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishi hollarining ortishi atmosfera havosi sifatining yomonlashuviga olib kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida mas'ul qoʻmita tomonidan qator yigʻilishlar, seminarlar oʻtkazilgani, ularda deputatlar, siyosiy partiyalar fraktsiyalari tomonidan berilgan takliflar chuqur tahlil qilingani va ularning aksariyati loyiha matnida aks ettirilib, u maromiga etkazilgani qayd etildi.

Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini ta'minlashga, tartibsiz ravishda tashlanadigan chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf qilishga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi”, — deyiladi xabarda.

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash

Majlisda oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Aytilishicha, hozirda jamiyatda oilaviy (maishiy) zoʻravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, shu jumladan ularning xavfsizligi va munosib sharoitlarda yashash huquqini ta'minlash zarurati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan Uy-joy kodeksining 32-moddasi turar joydan foydalanish haqidagi nizolarni koʻrib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga koʻra, uy-joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mutanosib sharoitga ega boʻlgan boshqa turar joyga kiritishi yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini toʻlash majburiyatini mulkdorga yuklashi mumkinligi boʻyicha norma kiritilmoqda”, — deyilgan xabarda.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi uy-joy nizolarini koʻrib chiqishda mulkdorning manfaatlarini inobatga olish bilan birga, xotin-qizlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish hamda oila va xotin-qizlar boshqaruvi tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi

Majlisda ayrim qonun hujjatlariga ba'zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste'mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokamalar markazida boʻldi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasida nikotinni iste'mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, Oʻzbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish) taqiqlanmoqda. Bundan tashqari, aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni iste'mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda”, — deyilgan xabarda.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining hayoti va sogʻligʻini yanada himoya qilish, millat genofondini saqlash, atrof-muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish

Deputatlar aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasini koʻrib chiqishdi.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda sud majlislarida mobil videokonferentsaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish zarurati mavjud.

Ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual va Ma'muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeklariga aholiga sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etishning huquqiy asoslarini yaratishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi quyidagilarga xizmat qiladi:
  • aholining sud majlislarida qatnashish uchun sud binolariga kelishlari bilan bogʻliq ovoragarchiliklarining oldini olishga;
  • tadbirkorlik sub'ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishga;
  • ortiqcha sarf-xarajatlarini tejalishini ta'minlashga.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Milliy gvardiya faoliyati yanada takomillashtiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, Konstitutsiyaviy va ma'muriy islohotlar talablari, milliy va xorijiy tajriba tahlili hamda jamoatchilik fikrini oʻrganish natijalari Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlarini qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Milliy qonunchilik va jamoatchilik fikridan kelib chiqib “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi qonun “fuqaro bilan muloqotga kirgan harbiy xizmatchi (xodim) zimmasiga oʻzini tanishtirish, fuqaroga uning huquqini tushuntirish shartligi haqida”gi yangi majburiyat bilan toʻldirilmoqda. Bu majburiyat Milliy gvardiya xodimlarining kundalik faoliyatida inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar talablariga rioya etish bilan birga, aholining ushbu davlat organiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida Milliy gvardiya tarkibiy va hududiy boʻlinmalarining zamonaviy talablarga javob beradigan, xalqchil va professional qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi”, — deyilgan xabarda.

Avtomobil yoʻlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ta'mirlashdagi oʻzboshimchaliklar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida transport sohasida davlat nazoratini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda kontseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

Qayd etilishicha, bugun kunda transportda yuk va yoʻlovchi tashishlarga boʻlgan talabni qondirish, yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, avtomobil transportida tashish uchun belgilangan me'yordan ortiq yuk ortilishini oldini olish va transport sohasida davlat nazoratini ta'minlash zarurati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi quyidagilar uchun javobgarlik belgilanmoqda:
  • Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga temir yoʻl transporti va metropolitenda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligi qoidalarini buzish;
  • haydovchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qiluvchi nosoz qurilmadan (taxografdan) foydalanish, haydovchining mehnat va dam olish rejimini buzish;
  • avtomobil transportida yoʻlovchilarni muntazam yoʻnalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi guvohnomasiz yoʻlovchi tashish;
  • belgilangan yoʻl haqi tariflarini oshirish;
  • muntazam yoʻnalish boʻyicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik;
  • belgilangan harakat hamda yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit oʻlchamlari, shuningdek, umumiy haqiqiy vazni, oʻqqa tushuvchi ogʻirligi belgilangan normalardan oshirgan holda yoʻlga va ruxsatnomada koʻrsatilgan harakat yoʻnalishidan chetga chiqish.

Qonun loyihasi bilan “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi hamda “Transport toʻgʻrisida”gi qonunlarga Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspektsiyasi tashkil etilgani sababli, sohadagi davlat nazorati yuklatilgan vazifalar va tashkilotning nomlanishi bilan bogʻliq oʻzgartirishlar ham kiritilyapti.

Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi transport sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish, yoʻlovchilar uchun muntazam yoʻnalishlarda maqbul narxlarda tashish jarayonlarini olib borish, avtomobil yoʻlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ta'minlash jarayonlaridagi oʻzboshimchiliklarni oldini olish, yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarida xavfsizlikni ta'minlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Aholi oʻrtasida yod etishmasligi kasalliklarining oldini olish

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aholi oʻrtasida yod etishmasligi kasalliklarining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi obdon muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Sogʻliqni saqlash vazirligiga bir qator vakolatlar berilmoqda. Ya'ni, tuzni va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashda ishlatiladigan yod preparatlari tarkibi, ularga qoʻyiladigan talablar, tuzni va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash, tuzni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.

Shuningdek, yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, ishlab chiqarilishi, saqlanishi, olib kirilishi hamda realizatsiya qilinishi nazoratini olib boradi.

Deputatlarning ta'kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholini endemik buqoq kasalligining oldini olish maqsadida profilaktik tadbir toʻlaqonli amalga oshiriladi, axolining extiyoji uchun zarur boʻlgan sifatli va xavfsiz boʻlgan osh tuzi bilan ta'minoti toʻliq qoplanadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Er osti suvlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida er osti suv resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan qonuni loyihasi ham muhokama etildi.

Aytilishicha, coʻnggi yillarda aholini er osti suvlari hisobiga ichimlik suvi bilan ta'minlash 67 foizga etgan. Ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojning ortayotganligi, er osti suvlarining asosan erlarni sugʻorish va boshqa maqsadlarda olinishi natijasida er osti suvlari sathining koʻp yillik oʻrtacha sathdan pasayib ketish holatlari kuzatilmoqda.

Shuningdek, sohaga oid ruxsat beruvchi tartib-tamoyillar soddalashtirilgan va shaffoflashtirilgan boʻlishiga qaramasdan, er osti suvlariga quduqlarning ruxsatsiz burgʻilanishi va suvdan nazoratsiz, hisobsiz foydalanish holatlari yildan-yilga ortib bormoqda.

Yuqoridagi holatlarning oldini olish hamda er osti suv resurslarini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasida er osti suvlariga quduqlarni burgʻilash uchun ruxsatnoma berish tartibi oʻrniga er osti suvlariga quduqlarni burgʻilash faoliyati uchun ruxsatnoma berish tartibini kiritish koʻzda tutilmoqda. Shundan kelib chiqib, 2 ta kodeks va 2 ta qonunga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda”, — deyiladi matbuot xabarida.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Harbiy hisobni yuritish tizimi raqamlashtiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Qayd etilishicha, aholi va tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan 73 turdagi ma'lumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinib, davlat organlari tomonidan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda ushbu ma'lumotlarni olish tizimi joriy etildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda aholiga qulay va oson shaklda davlat xizmatlarini koʻrsatish koʻlamini kengaytirish, fuqarolarning sarson boʻlishining oldini olish, harbiy hisobni yuritish tartibini yanada soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonunga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilmoqda:
  • harbiy hisob ishlarini yanada takomillashtirish;
  • harbiy xizmatga majburlarni harbiy roʻyxatga qoʻyish va undan chiqarish tizimini raqamlashtirish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan harbiy roʻyxatda turgan shaxslar toʻgʻrisidagi ma'lumotlarni Mudofaa vazirligiga axborot tizimlaridan foydalangan holda taqdim etish tartibini joriy etish.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston