11:24 / 02.02.2025
78

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Malayziyaga boradi

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Malayziyaga boradi
Shavkat Mirziyoyev Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4—5 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Malayziyada boʻladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, tashrif davomida bosh vazir Anvar Ibrohim bilan ikki tomonlama muzokaralar, Malayziyaning etakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar, qoʻshma biznes forumi va boshqa tadbirlarda koʻzda tutilgan.

Boʻlajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston—Malayziya doʻstlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda amaliy hamkorlikni, shu jumladan, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa koʻplab ustuvor yoʻnalishlarda kengaytirish masalalari oʻrin olgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Etakchilar xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ham koʻrib chiqadi.

Sammit yakunida ikki davlat oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma bayonot va salmoqli bitimlar toʻplami qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Tashrif arafasida Malayziyada bir qator muhim tadbirlar oʻtkazilmoqda. Xususan, etakchi tahlil markazlari va tadqiqot tuzilmalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Yaqin kunlarda Oʻzbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, ikki mamlakat etakchi oliy ta'lim muassasalari rektorlari forumi va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.

Malayziya bosh vaziri 2024 yil 17—19 may kunlari rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlgandi. Oʻzbekiston prezidenti oliy darajadagi ushbu tashrif soʻnggi 16 yilda ilk bor oʻtkazilayotganini, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini ta'kidlagandi. Muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqilib, unda savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratilgandi.

29 may kuni Putrajaya shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi samarali oʻtkazildi. Oʻzbekiston—Malayziya ishbilarmonlar kengashi tuzildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston