18:34 / 13.02.2025
81

Oʻzbekistonda kitob oʻqigan mahkumning jazo muddati qisqartirilishi mumkin

Oʻzbekistonda kitob oʻqigan mahkumning jazo muddati qisqartirilishi mumkin
Foto: Qonunchilik palatasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mahkumlarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, qonunchilikka xorijiy tajribani inobatga olgan holda, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari va an'analariga hurmat munosabatini ragʻbatlantirishga qaratilgan normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.

Ushbu loyiha bilan Jinoyat kodeksiga kitob oʻqishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish boʻyicha yangi 74–1-modda kiritilmoqda. Unga koʻra, faqat jazo muddatini toʻliq oʻtashi lozim boʻlgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha 1 ta kitob oʻqigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ushbu kodeksning 73, 74-moddalari asosida esa jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrogʻi bilan almashtirish masalasini hal etish vaqtida inobatga olinishi belgilanyapti.

Bundan tashqari, oʻzini oʻzi tarbiyalash yoʻli bilan tuzalish yoʻliga oʻtganligini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishni protsessual tartiblari hamda zarur boʻlgan adabiyotlar bilan ta'minlashni belgilash boʻyicha Jinoyat-protsessual kodeksi 536–1-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 80–1-moddasi bilan toʻldirish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi birinchi oʻqishda kontseptual jihatdan qabul qilingan.

Ma'lum qilinishicha, Oʻzbekistondagi 49 ta jazoni ijro etish muassasalarining barchasida kutubxonalar mavjud boʻlib, ularda 230 mingdan ortiq kitob, jumladan, 44,7 mingdan ortiq xorijiy kitoblar, Brayl alifbosida yozilgan 209 ta kitob toʻplangan.

OʻzMTDP fraktsiyasi a'zosi Bahodir Mamatxonov OʻzAga bergan intervyusida aytishicha, bunda yiliga koʻpi bilan 10 ta kitob oʻqish mumkinligi belgilanyapti. Mahkumlar oʻqiydigan adabiyotlar roʻyxati Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan tasdiqlanadi. Bu kabi choralar mahkumlarning axloqan tuzalish yoʻliga oʻtishiga xizmat qilishi ta'kidlangan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston