17:35 / 17.02.2025
221

Oʻzbekiston va Kuvayt keng koʻlamli sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldi

Oʻzbekiston va Kuvayt keng koʻlamli sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt amiri Shayx Mish'al As-Saboh 17 fevral kuni Al-Kuvayt shahridagi «Al-Bayan» saroyida tor doirada uchrashdi hamda rasmiy delegatsiyalar a'zolari ishtirokida muzokara oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Kuvayt oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Mirziyoyev Kuvaytda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan, maqsad va vazifalari Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlariga hamohang boʻlgan «Vision 2035» davlat dasturini alohida qayd etdi.

Faol siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar, oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan ta'kidlandi.

Oʻtgan yili Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi samarali oʻtkazildi, qator muhim ishbilarmonlik tadbirlari tashkil etildi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

«Yashil» energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sogʻliqni saqlash, turizm sohalari amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Al-Kuvayt shahrida savdo uyini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yangi sheriklik dasturi doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan loyihalar portfelini kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Kuvaytda madaniyat va turizm haftaliklarini oʻtkazish, ikki mamlakat vakillarining san'at, musiqa, kino, ta'lim va sport sohalaridagi madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etishiga koʻmaklashishga kelishildi.

Uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Joriy yil may oyida Samarqand shahrida oʻtkaziladigan «Markaziy Osiyo - Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqoti sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Etakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat rahbarlari keng qamrovli sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaror qildi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston prezidenti Kuvayt amirini mamlakatimizga taklif etdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston