31
Oʻzbekiston va Pokiston strategik sheriklikni kengaytirish ustuvor yoʻnalishlarini belgiladi

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Oʻzbekiston va Pokiston etakchilari strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelgan Pokiston bosh vaziri tantanali kutib olindi. Marosimdan soʻng tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar oʻtkazildi. Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, qabul qilingan “yoʻl xaritasi” asosida oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga etkazish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, imtiyozli savdo bitimi doirasida tovarlar roʻyxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini soddalashtirish, bojxona tartiblarini yengillashtirish, standartlarni uygʻunlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, banklararo hisob-kitob mexanizmlarini takomillashtirish kabi ustuvor yoʻnalishlar muhokama qilindi.
Etakchilar farmatsevtika, elektr texnika, qishloq xoʻjaligi texnikasi, geologiya, mineral resurslar, toʻqimachilik, charm sanoati kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalari yuzasidan fikr almashdi.
Davlat rahbari hududlararo ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida ikki davlat hududlari forumini oʻtkazishni taklif etdi.
Transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston—Afgʻoniston—Pokiston multimodal yoʻlagi orqali yuk tashish hajmi besh baravar oshgani qayd etildi. Ushbu yuk hajmini yanada oshirish maqsadida qoʻshma transport-logistika kompaniyasini tashkil etish va Transafgʻon temir yoʻli qurilishini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini joriy yilning iyul oyida Laxor shahrida oʻtkazish rejalashtirildi.
Tomonlar madaniy-gumanitar va turizm sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, oʻzaro madaniyat haftaliklari va turizm dasturlarini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishdilar.
Etakchilar xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. BMT, Qoʻshilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Oʻzbekiston prezidenti va Pokiston bosh vaziri terrorizm, radikalizm, islomofobiya va xavfsizlikka tahdid soluvchi zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash lozimligini ta'kidladilar.
Shuningdek, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish va uning ilk yigʻilishini kelgusi yilda oʻtkazish rejalashtirildi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun qoʻshma “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha qaror qabul qilindi.
Pokiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 25 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga kelgan edi. Toshkent xalqaro aeroportida uni bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Kichik suhbatdan soʻng, Shaxboz Sharif Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurdi va Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi. 26 fevral kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida Pokiston bosh vazirining rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tashrif yakunida qoʻshma deklaratsiya va ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida etakchilar Oʻzbekiston—Pokiston qoʻshma biznes forumida ham ishtirok etadi.
Oʻzbekiston—Pokiston munosabatlari
Pokiston 1991 yil 20 dekabrda Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan davlatlardan biri hisoblanadi. Ikki davlat oʻrtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 10-mayda oʻrnatilgan. Soʻnggi yillarda iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. 2019 yilda 122 million dollar boʻlgan savdo ayirboshlash hajmi 2023 yilga kelib 387 million dollarga etdi.
2024 yilda esa tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshib, qoʻshma korxonalar soni 130 taga etdi. Karaçi va Toshkentda savdo uylarining ochilishi, Toshkent va Laxor oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviqatnovlarning tiklanishi hamkorlikning mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo aloqalar davom etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar