
O‘zbekiston bo‘yicha mart oyining birinchi o‘n kunligi boshida nisbatan sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Qayd qilinishicha, harorat kechalari -3 daraja sovuq va +2 daraja iliq bo‘ladi, kunduz kunlari +7+10 daraja iliqdan 0+3 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
2-3 mart kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
Respublika shimolida 1 mart kuni qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari -2-7 daraja sovuqdan -7-12 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuqdan +3+8 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
Birinchi o‘n kunlikning ikkinchi yarmida havo harorati me’yoriy qiymatlargacha – kechalari +3+8 daraja iliqqacha, kunduz kunlari +10+15 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
8-10 mart kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yana yog‘ingarchilik (yomg‘ir ko‘rinishida) bo‘lishi kutilmoqda.
Keyinchalik mart oyining oxirigacha harorat kechalari +7+12 daraja iliqdan -2 daraja sovuq +3 daraja iliqqacha, kunduz kunlari +17+22 daraja iliqdan +5+10 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublika janubida eng iliq kunlarda havo harorati +25+27 darajaga ko‘tariladi.
Jahon prognozlash markazlari hisoblariga asoslanib, «O‘zgidromet»ning dastlabki hisoblariga ko‘ra, umuman mart oyi biroz iliq bo‘lishi kutilmoqda. O‘rtacha oylik havo harorati me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo‘lishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar