
1 martdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar joriy etiladi.
Bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilganda subsidiyalar to‘lanadi
Nogironligi bor bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi subsidiyalar nazarda tutiladi:
- kunduzgi parvarish xizmatidan bir kun foydalanganlik uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun BHMning 25 foizi, 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun BHMning 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunda viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 oshiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali belgilanadi;
- Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun subsidiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lanadi;
- xususiy sherik tomonidan kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilgan joydan 3 km radiusdan uzoq masofada yashovchi bolalarni tashish uchun transport xizmati yo‘lga qo‘yilganda, tarbiyalanuvchining mazkur xizmatga amalda qatnagan kunlari sonidan kelib chiqib, bir oy uchun BHMning 75 foizigacha miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati obyektlarini topshirishning yangi tartibi joriy qilinadi
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklariga 2 ikki yil ichida yangi loyihalarni ishga tushirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish sharti bilan mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini:
- tadbirkorlik subyektlariga 10 yil muddatga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berish, shuningdek 4 yil davomida ijara to‘lovlarini to‘lagan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorlarga – baholash qiymati bo‘yicha xususiylashtirish yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish uchun;
- chet tillarini o‘qitish va malaka sertifikatini olish bo‘yicha faoliyat yurituvchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar yoki tashkilotlarga 5 yil muddatga ijaraga berish ruxsat etiladi.
Qishloq xo‘jaligi texnikasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yangi talablar belgilanmoqda
Imtiyozlardan foydalangan holda xarid qilingan, shu jumladan import qilingan va respublikada ishlab chiqarilgan yangi traktorlar va kombaynlarga GPS qurilmalari o‘rnatmasdan ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Xayriya ajratmalari uchun yangi platformalar ishga tushiriladi
Jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriya ajratmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha «Yashil olam» va «Yashil to‘lov» platformalari joriy etiladi.
Davlat bojini qaytarishning yangi tartibi
Taraflar o‘rtasida kelishuv bitimi tuzilganligi sababli sud ishi tugatilganda tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga davlat boji quyidagi miqdorlarda qaytariladi:
- birinchi instansiya sudida – to‘langan davlat bojining 70 foiz;
- apellyatsiya va kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlar bo‘yicha sudlarda – to‘langan davlat bojining 30 foiz.
Yolg‘iz ota-onalarga moddiy yordam to‘lanadi
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz onalarga (otalarga) Davlat ijtimoiy himoya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bola (bolalar) uch yoshga to‘lgunga qadar maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanish uchun bir bolaga 1,5 BHMgacha moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Pensiyalarni tayinlash — proaktiv shaklda
Fuqarolarga yoshga doir pensiyalar belgilangan yoshga to‘lishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlanadi. Bunda, yoshga doir pensiyalar tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida axborot almashinuvi asosida olinadigan fuqaroning ish staji, ish haqi hamda boshqa ma’lumotlariga asosan hisoblanadi va tayinlanadi.
Barcha davlat organlarining veb-sahifalari — Yagona platformada
Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari Hukumat portalining yagona platformasi orqali faoliyat yuritadi. Davlat organlari rahbarlari o‘z idoralarining rasmiy veb-saytlarining yuritilishiga shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Yer qa’ridan foydalanish ustidan monitoringning yangi tartibi
Yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil «Geomonitoring» axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar