12:09 / 04.04.2025
1 998

Samarqandda Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tmoqda

Samarqandda Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tmoqda
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo aloqalari rasmiy ravishda strategik sheriklik darajasiga ko‘tariladi, deb UzA xabar berdi. Bugun, 4 aprel kuni Samarqandda ikki muhim tadbir — “Team Europe” dasturining e’lon qilinishi va iqlim forumi bo‘lib o‘tadi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen “Team Europe” dasturini taqdim etishi kutilmoqda. Ushbu dastur Markaziy Osiyodagi suv, energetika va ekologik loyihalarni moliyalashtirish imkonini yaratadi. Kunning ikkinchi qismida esa prezidentlar ishtirokida iqlim forumi o‘tkaziladi.

Sammit Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda chegara masalalari hal etilgan, integratsiya va yaqinlashuv kuchaygan, AQSh esa Ukraina urushi bo‘yicha strategik pozitsiyasini o‘zgartirgan bir paytda o‘tkazilmoqda.

3 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga kelgan davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Sammitning asosiy natijalaridan biri — YI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqadigan “Samarqand deklaratsiyasi” bo‘ladi.

Ursula fon der Leyen “Team Europe” dasturi orqali Markaziy Osiyodagi suv, energiya va ekologik loyihalarni moliyalashtirish muhimligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu YIning tashqi savdo aloqalarini kengaytirish va AQSh boj siyosatiga javob sifatida ko‘rilmoqda.

Markaziy Osiyo an’anaviy raqamli hamkor sifatida Xitoy va Rossiya bilan aloqador bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, YI endilikda mintaqada yangi strategik yo‘nalishga aylanishi mumkin.

Sammitda savdo-iqtisodiy, transport-logistika, xavfsizlik va Afg‘onistonni integratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqiladi. YI va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshgan. GSP+ maqomidan so‘ng eksport 4 barobar ko‘paygan. Hududda Yevropa kompaniyalari yashil energetika va infratuzilma sohasida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston