date
views 163

Mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish osonlashadi: tafsilotlar

Mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish osonlashadi: tafsilotlar
O‘zbekistonda mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish, garovga qo‘yish kabi jarayonlar osonlashadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan kadastr tizimidagi rejalarga oid taqdimotda ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev yer hisobini yuritish va kadastr xizmatini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatda ko‘chmas mulklarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona ma’lumotlar bazasi – UZKAD tizimi ishga tushirilgan. Hozirgacha 150 mingta turar va 707 mingta noturar joy, 44 mingta ko‘p qavatli uy haqidagi ma’lumotlar ushbu yangi tizimda aks ettirilgan.

Ma’lum qilinishicha, bu yil 400 mingta yakka tartibdagi uy UZKAD tizimiga kiritiladi.
“Natijada mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish, garovga qo‘yish kabi jarayonlar osonlashadi. Kelgusida 6 million 300 mingdan ziyod barcha yakka tartibdagi uylar ushbu tizimda aks ettiriladi”, — deyilgan xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining 5 martdagi farmoniga muvofiq, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi joriy etilmoqda. Buning uchun Kadastr agentligida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi ochildi. Unga 40 milliard so‘m ajratilib, malakali mutaxassislar jalb qilindi va amaliy ishlar boshlab yuborildi.

“Ommaviy baholash bu yil Toshkent shahrida boshlanib, keyingi yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda qolgan hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi”, — deya qayd etilgan xabarda.

Sohada byurokratiyani keskin kamaytirib, kadastr xizmatlari sifatini oshirish, tadbirkorlarga yengilliklar yaratish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 45 million gektarga yaqin yer maydoni bor. Raqamlashtirish joriy etilgani natijasida 42 million gektar yer, ya’ni jami maydonlarning 94 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Transport, aloqa, geodeziya, energetika, yo‘l kabi 13 turdagi davlat kadastri bo‘yicha ma’lumotlar 100 foiz shakllandi. Yana 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish osonlashadi: tafsilotlar