
Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi” lotereyasi, ya’ni Green Card dasturining 2025 yil uchun natijalari ma’lum qilindi. Bu haqda AQSHning Kentukki shtatining Uilyamsburg shahrida joylashgan Kentukki konsullik markazi rasman xabar berdi.
Ushbu mashhur dastur doirasida dunyo bo‘ylab har yili 55 ming nafar shaxsga AQSHda doimiy yashash imkoniyati taqdim etiladi. Joriy yilda ushbu lotereya yutug‘ining 5,5 mingdan ortiq qismi o‘zbekistonliklarga nasib qildi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston fuqarolarining ushbu dasturga bo‘lgan katta qiziqishi va ishtiroki yuqori ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
DV-2025 dasturi Amerika Qo‘shma Shtatlarining Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunining 203(c) bo‘limiga asosan tashkil etilib, ushbu qonundagi talablarga ko‘ra, AQSHga immigratsiya darajasi nisbatan past bo‘lgan davlatlar fuqarolariga har yili 55 000 tagacha doimiy yashash vizalari beriladi.
2025 yil uchun e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, jami 131 ming nafarga yaqin ariza topshirgan shaxslar dastlabki ro‘yxatga olingan va ularning har biriga ushbu yangilik bo‘yicha xabar berilgan. Bu esa, dastlab tanlangan 55 ming nafar ishtirokchining barchasi ham keyingi jarayonlarda qatnashishga qaror qilmasligi mumkinligi sababli, qo‘shimcha ehtiyot choralari sifatida amalga oshirilgan. Shunday qilib, 2025 yilgi moliyaviy yil davomida DV-2025 uchun ajratilgan barcha vizalar to‘liq taqsimlanishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, bu yilgi natijalarni e’lon qilish jarayonida texnik xatolik tufayli O‘zbekiston Yevropa mintaqasi mamlakatlari qatorida qayd etilgan. Agar O‘zbekiston Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan solishtirilganda, mamlakatimiz ushbu mintaqa bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan bo‘lar edi. O‘zbekistondan keyingi eng ko‘p yutuqni Eron va Afg‘oniston davlatlari fuqarolari qo‘lga kiritgan.
Green Card lotereyasi o‘zbekistonliklar uchun AQSHda qonuniy yashash va ishlash imkoniyatini beruvchi muhim dastur hisoblanadi. Har yili minglab vatandoshlarimiz ushbu imkoniyatdan foydalanib, okeanorti mamlakatda o‘z kelajaklarini barpo qilish uchun muhim qadam qo‘yishadi.
Zamin.uz tahririyati mazkur dasturda g‘olib bo‘lgan vatandoshlarimizni tabriklaydi va ularga kelgusi hayotlarida ulkan zafarlar tilaydi! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar