date
views 4 909

O‘zbekistonda ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar ochiqlandi!

O‘zbekistonda ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar ochiqlandi!
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizda ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablarning navbatdagi yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi. Ushbu ro‘yxatga umumiy hisobda respublika bo‘yicha 460 ta maktab kiritildi. Afsuski, bu ko‘rsatkich mamlakatimizda ta’lim tizimida hali ham jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarning eng ko‘p soni Qashqadaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi. Qashqadaryoda jami 99 ta maktab shunday maktablar ro‘yxatiga tushgan. Bu esa, viloyatda ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha hali ko‘p ishlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi.

Qashqadaryodan keyingi o‘rinlarni Samarqand va Surxondaryo viloyatlari egallamoqda. Jumladan, Samarqand viloyatida 86 ta maktab ta’lim sifatining pastligi tufayli ro‘yxatga tushgan bo‘lsa, Surxondaryo viloyatida 70 ta maktab shu holatga tushib qolgan.

Respublikamizning boshqa hududlaridagi vaziyat ham qoniqarli emas. Xususan, Jizzax viloyatida – 36 ta, Namanganda – 34 ta, Sirdaryoda – 32 ta, Farg‘onada – 29 ta, Qoraqalpog‘istonda – 24 ta, Andijonda – 23 ta, Navoiyda – 16 ta, Xorazmda – 9 ta va Buxoro viloyatida esa 5 ta maktab ta’lim sifati past bo‘lgani sababli ushbu maxsus ro‘yxatga kiritilgan.

Xalq ta’limi info portali ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi ikki yil ichida bu kabi maktablarning soni qisqargan. Jumladan, 2023 yilda ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar soni 642 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 545 tani tashkil qilgan edi. Bugungi kunda bu maktablar soni 460 tagacha qisqargan. Lekin bu raqam hali ham katta bo‘lib qolmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bunday maktablarda ta’lim sifatini oshirish maqsadida, boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchilarga maxsus moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda. Ya’ni, ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga jalb etilgan malakali o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustamalar beriladi.

Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarni aniqlash jarayonida bir qancha muhim mezonlar e’tiborga olinadi. Ular orasida maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari, maktablarning umumiy reytingi hamda “Zamonaviy maktab” standartlariga muvofiqlik darajasi kabi ko‘rsatkichlar bor.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan muntazam ravishda olib boriladigan monitoring natijalariga ko‘ra, bu maktablarning aksariyati olis qishloq joylarida joylashgan bo‘lib, ta’lim infratuzilmasi va o‘quvchi-o‘qituvchi munosabatida jiddiy muammolar borligi kuzatiladi.

Kelgusida ushbu maktablarning ta’lim darajasini yaxshilash uchun davlat tomonidan yanada samarali chora-tadbirlar ko‘rilishi kutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizdagi yosh avlodning kelajagini ta’minlash va O‘zbekistonning bilimli jamiyatga aylanishi yo‘lida muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar ochiqlandi!