15:54 / 28.11.2016
8 557

Toshkent shahrida 2022 yilgacha 12ta yangi ko‘prik quriladi

Toshkent shahrida 2022 yilgacha 12ta yangi ko‘prik quriladi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar saylovchilari bilan uchrashuvda Toshkent shahrida amalga oshirilajak loyihalar haqida gapirdi. Nomzodning uchrashuvdagi nutqi to‘liq holda «Toshkent oqshomi» gazetasida chop etilgan, deb yozmoqda Kun.uz nashri.

«Istiqbolda transport kommunikasiya tarmoqlari, chorrahalarni takomillashtirish, yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilishning puxta o‘ylangan strategiyasini belgilash bilan bog‘liq maxsus Hukumat qarori tayyorlanishi kerak, deb hisoblayman», degan u.

Uning fikricha, ushbu hujjatda shahar aholisi uchun qulay sharoitlar yaratish, tobora ko‘payib borayotgan transport oqimini oqilona boshqarish, aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish yuzasidan kelgusi 5 yilda umumiy qiymati 1 trillion so‘m, uzunligi 529 kilometr bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishga doir barcha tashkiliy va moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar albatta o‘z echimini topishi kerak.

«Jumladan, shaharda 2017-2018 yillarda respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan umumiy qiymati 84 milliard so‘m, uzunligi 32,2 kilometrdan ziyod bo‘lgan “Kichik halqa yo‘li” barpo etilishi, rekonstruksiya qilinishi va ta’mirlanishi belgilangan. Yaqin 5 yilda davlat byudjeti va respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 916 milliard so‘m bo‘lgan 12ta yangi ko‘prik quriladi, umumiy foydalanishdagi 68 kilometrdan ortiq yo‘l quriladi va rekonstruksiya qilinadi», – degan Mirziyoyev.

Uning aytishicha, hozirgi vaqtda respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida Bo‘zsuv kanali orqali 400 metr uzunlikdagi va 6ta polosali, umumiy qiymati 38 milliard so‘m bo‘lgan ko‘prik qurilishi boshlab yuborildi va u kelgusi yili foydalanishga topshiriladi.

«Chilonzor tumanida Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan joyda umumiy qiymati 42 milliard so‘m bo‘lgan transport bog‘lamasini davlat byudjeti hisobidan barpo etish boshlanadi. Bu inshoot ko‘prik, piyodalar o‘tish joyi va olti polosali zamonaviy avtomagistralni o‘z ichiga oladi. Sirg‘ali tumanida 2017 yilda respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan umumiy qiymati 79 milliard so‘m, uzunligi 10 kilometr bo‘lgan 6 polosali Qipchoq ko‘chasi rekonstruksiya qilinadi. Bu ko‘cha bo‘ylab temir yo‘l ustidan yangi ko‘prik barpo etilishi ham ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, 2017 yilda respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan umumiy qiymati 42 milliard so‘m, uzunligi 5 kilometr bo‘lgan 6 polosali loyihaviy yangi ko‘cha barpo etiladi», – deya bu mavzu haqida o‘z so‘zini yakunladi Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkent shahrida 2022 yilgacha 12ta yangi ko‘prik quriladi