
Uzbekistan Airports rasmiy manbasining xabar berishicha, Erondagi keskin harbiy vaziyat tufayli mamlakat havo hududi vaqtincha yopildi. Bu o‘zgarish xalqaro reyslarga ta’sir ko‘rsatib, bir qator reyslar O‘zbekiston poytaxti Toshkentga yo‘naltirildi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY5343 raqamli Toshkent—Jidda reysi havodan qaytib, soat 06:18 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Shuningdek, Fly Dubai aviakompaniyasining FZ1942 (Toshkent—Dubay) reysi ham mahalliy vaqt bilan 06:37 da Toshkentga favqulodda qo‘ndi.
Bundan tashqari, Air Cairo aviakompaniyasining Olmaota—Sharm ash-Shayx yo‘nalishidagi SM882 reysi (07:46) va Qatar Airways'ning Seul—Doha reysi QR8985 (07:57) ham xavfsizlik maqsadida Toshkentga qo‘ndi. Barcha reyslar Uzbekistan Airports tomonidan qabul qilinib, yo‘lovchilar zarur sharoitlar bilan ta’minlandi.
Sentrum Eyr aviakompaniyasining Toshkent—Doha reysi C63341 esa uchish oldidan kechiktirildi va yo‘lovchilar terminalda vaqtinchalik joylashtirildi.
Ushbu o‘zgarishlarga sabab — Isroilning Eron yadroviy obyektlariga qarshi amalga oshirgan keng ko‘lamli harbiy amaliyoti bo‘ldi. Isroil hujumi oqibatida Eron favqulodda holat e’lon qilib, havo hududini yopgan. Bu vaziyat butun mintaqadagi havo qatnoviga jiddiy ta’sir o‘tkazdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarini ogohlantirdi. Isroildagi o‘zbek elchixonasi ehtimoliy raketa hujumlarini hisobga olib, yurtdoshlarimizga xavfsizlik choralarini ko‘rishni tavsiya qilgan. Erondagi elchixona ham fuqarolarni rasmiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lib turishga chaqirdi.
Parvozlar holati va reyslar haqida aniq ma’lumotlarni aviakompaniyalar rasmiy manbalari orqali kuzatib borish tavsiya etiladi. Mintaqadagi har qanday vaziyat keskin o‘zgarishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar