date

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda yo‘llar va islohotlar samarasini o‘rgandi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda yo‘llar va islohotlar samarasini o‘rgandi
Qashqadaryo viloyatida joriy islohotlar va hududlar rivoji bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyun kuni Qarshidan Shahrisabzga poyezdda safar uyushtirdi. Davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, prezident safar davomida viloyat faollari bilan uchrashib, shahar va qishloqlardagi zamonaviy o‘zgarishlar, aholi turmush darajasi va tinchlikning ahamiyati haqida suhbatlashdi.

Shavkat Mirziyoyev, ayniqsa, iqtisodiyot taraqqiyoti va aholi kayfiyatiga yo‘llarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Prezident mutasaddilarga yo‘llar va ko‘priklar holatini yaxshilash, loyihalarni tezlashtirish, obodonlashtirish ishlarini kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi. Oxirgi ikki yilda mamlakat miqyosida 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlangani, joriy yilda esa faqat Qashqadaryoda 100 kilometr magistral yo‘l yangilanishi belgilangani qayd etildi.

Prezident tashrifini Qarshi shahridagi zamonaviy “Alp texno servis” elektrotexnika korxonasi bilan tanishuvdan boshladi. Shuningdek, tashrif doirasida viloyatdagi sanoat, tibbiyot, turizm, energetika kabi muhim sohalarda faoliyat olib borayotgan korxonalarning ish tartibi va mahallalardagi qurilish, obodonlashtirish ishlari o‘rganilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va kelgusidagi vazifalar bo‘yicha keng ko‘lamli yig‘ilish o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyevning mazkur tashrifi doirasida viloyat aholisi turmush darajasini oshirish, zamonaviy infratuzilmalar yaratish, mahallalarni yanada obod va farovon qilishga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichi boshlanishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda yo‘llar va islohotlar samarasini o‘rgandi