16:50 / 06.12.2016
15 569

Millat otasi: «Omadini bersin, qadami qutlug‘ kelsin» va boshqacha mulohazalar

Millat otasi: «Omadini bersin, qadami qutlug‘ kelsin» va boshqacha mulohazalar

Xalqimiz buyuk sarbonidan ayrilgach dovdirab qolmadi. Sinmadi. Bizga buyuk ustozning sadoqatli shogirdi Prezident vazifasini bajaruvchi sifatida dalda bo‘ldi. “Endi O‘zbekiston nima qiladi?”-deya ruhlangan “demokrat”lar hujumiga chalg‘imadi. “Hayqiraman tog‘lar bag‘ridan…”, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni…”, “O‘zbekiston kelajagi-buyuk davlat…”-deya yurt uchun jon bergan zotlar mehrini qozondi. Duosini oldi.

- 8 sentyabr 2016 yil. Oliy Majlis Qo‘shma palatalari yig‘ilishida O‘zbekiston Konstitusiyasining 96-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajarish mas’uliyati O‘zbekiston Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

Bu nima degani? Ustoz Akmal Saidov aytganidek O‘zbekiston qaysidir davlat yoki tashkilotga yoqish uchun intilmayapti, xalqimiz qiziqishlari va milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda ish ko‘ryapmiz degani.

Bu sinovli vaziyatda 8 sentyabrdan to 4-dekabrgacha bo‘lgan bo‘lgan konstitusiyaviy normaga amal qilish kerak, qonunda nima bo‘lsa shu deya tavakkal qilsak Hazrati Hizrdagi o‘zbek farzandi ruhi oldida gunohkor bo‘lamiz degani.

- 15 sentyabr 2016 yil O‘zbekistonda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Bu O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti tomonidan ilk marotaba qabul qilingan qonunlardan biri “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri aynan 2016 yilda qabul qilinishida davlat boshqaruvi uchun mantiqiy o‘xshashlik bor degani.

Bu O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston tarixida ilk qabul qilingan unvon “Sog‘lom avlod uchun” ordeniga hamohang barkamol avlodni shakllantirish yo‘lidagi uch bosqichli sport o‘yinlariga ilk bora Jizzaxda asos solinib so‘ngra butun yurtimiz bo‘ylab ommalashtirildi degani.

Bu “Bilib qo‘yinglar, O‘zbekistondagi million-million bolalar mening farzandlarim”-deya o‘zidan kechgan tinchligimiz rahnamosi I.Abdug‘anievich ruhlari shod degani.

- 16 sentyabrdan viloyatlarga boshlangan O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sh.Mirziyoyevning tashrif xalqimizga dalda va eng asosiysi kelajakka ishonch uyg‘otdi.

Bu erishilgan barcha yutuq va boyligimiz ishonchli qo‘lda ekanligi hamda xalq dardiga malham bo‘lgan millat otasiga elkama-elka xizmat qilgan xalq farzandiga xalqning mehri tushdi degani.

Bu kim bo‘lishingdan qat’iy nazar qonun oldida tenglik, xalq boyligi va rizqiga xiyonat kechirilmasligi, mehnatkash va halol xalqimiz baxtu saodati yo‘lida rohatidan kechmaydigan, o‘zini yurt koriga bag‘ishlamaydigan rahbar uchun uyqu yo‘q degani.

- 22 sentyabrda Rio-2016 Paralimpiadasida 31 ta medalni qo‘lga kiritgan 32 sportchi pul mukofotlari va Prezident sovg‘asi “Malibu” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Bu nima degani? Bu Hali Olimpiada tarixida 32 nafar sportchi bilan qatnashgan delegasiya 31 ta medal olmagan, umumjamoa hisobida dunyoda 16-chi, Osiyoda 4-chi, MDHda esa 2-o‘rinda turibdi degani.

Bu agar sportchingda vatan tuyg‘usi kuchli bo‘lmasa toqqa chiqarib qora ikra bilan boqasanmi, qizil ikra bilan boqasanmi foydasi yo‘q degan matonatli o‘zbek farzandlarining xitobi degani.

- Rossiya Federasiyasiga oziq-ovqat va meva sabzavotlar eksporti bo‘yicha “Yashil koridor” loyihasi taklif etildi.

Bu qishloqda meva-sabzavot etishtirayotgan dehqonning ko‘kragiga shamol tegadi. Endilikda Quvasoyning anori Finlyandiya ostonasigacha, Mirzacho‘lning qovuni Yakutiyagacha etadi degani.

Bu tobora mintaqada geosiyosiy o‘yinga aylanayotgan suv masalasining yagona echimi intensiv bog‘lar orqali milliy iqtisodimizni yuksaltirish, “g‘iybatchilar” tili bilan aytganda “Mirziyoyev texnologiyasi” ya’ni tomorqaga baraka manbai sifatida qarash, oila dasturxoni to‘kinligini ta’minlash o‘rniga erga nos tupurib-sug‘orsang, tamakini chekib-erga qadasang kosang oqarmay o‘tasan degani.

Bu kuni bitayotgan “valyutchik”likdan voz kezib, 10 yildan beri shudgor qilinmagan tomorqangda bog‘ yarat. Zamin tanqisligidan tomida poliz ekayotgan, dengizdagi chiqindilar ustida urug‘ qadayotgan yaponlar zahmatidan ibrat ol degani.

Bu bozorlarimiz to‘kin-sochinligidan bora-bora oziq-ovqat yarmarkalariga hojat qolmaydi-yu, ammo “Aka terminal bor. Lekin chek tugab qoldi”-desang barakang uchadi degani.

Bu endilikda ko‘kat mayliku-ya, hatto banan etishtirmagan xonadon “Kun mavzusi”ga aylanadi, “Eshitdingmi? Falonchi bananni bozordan olarkan. Apelsin payvandlashni bilmaskan. Zamondan nolishiga o‘laymi? Bersang eyman, bermasang o‘laman deydiganlar toifasi”-degan gap tarqaladi degani.

- 24 sentyabr kuni Bosh vazirning virtual qabulxonasi ish boshladi.

Bu kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishni ko‘zlagan xalqimiz ongida “Bizni prezidentning o‘zi eshitmoqda. U xalq bilan birga. U bizni eshitadi.”-degan haqli mulohaza shakllandi degani.

Bu Buyuk ustozimiz I.Abdug‘anievichning “Odamzod hamma narsaga chidashi mumkin. Ammo, adolatsizlikka chiday olmaydi” maslahatidan shogird davlat boshqaruvida to‘g‘ri foydalanib yangicha demokratik qadamlarni bosdi degani.

Bu xalqimizning huquqiy-siyosiy savodxonligi kuchayishi hamda ularda aniq fuqarolik pozisiya shakllanishida turtki bo‘ldi-yu, ammo bu imkoniyat yosh kelin-kuyovning asal oyi uchun pul, turmush qurish uchun er so‘rama, “Virtual qabulxonaga yozaman”-deya firibgarlik qilma, yangicha demokratik yondashuvlarni uvol qilma degani.

- Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligini tuzish taklif etildi hamda 2017-2021 yillarda qishloq joylarida arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilindi.

Bu “Bizda yutuq yo‘q. “Kamolot uylari”ni ololmaymiz. Ammo biz ham O‘zbekiston farzandimiz. Endi nima qilamiz”-deya chora izlayotgan kam ta’minlangan yosh oilalar boshini silash degani.

Bu qabrga kirguncha loy tepish bilan yashaydigan o‘zbekka qarata: “Ey og‘ayni, darvozadan hojatxonanggacha samolyot qo‘nsa bo‘ladi. Undan ko‘ra, ixcham, qulay, chiroyli hovlilarda yashab, hech bo‘lmasa bir marta Omonxonaga bor, Zominga bor degani.

- “Erkin iqtisodiy industrial zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.

Bu “Haliyam shu G‘ijduvon bozori bor. Shuncha odamni boqib turibdi. Bo‘lmasa nima qilardik. Puli bor biznes qiladi. Puli yo‘q nima qilsin? Ishlay desang bittayam qo‘shma korxona yo‘q. Mahsulot chiqaraman desang uniki keladi, goh bunisi so‘rab kelsa? G‘ijduvonlik ba’zi tadbirkor haqida “Xitoylik ko‘rsa yasaydi, g‘ijduvonlik eshitsa yasaydi” iborasi tarqalaversin. Oilamni boqishim kerakku?”-qulay iqtisodiy infratuzilmaga muhtoj aholisi qariyb 300 ming nafar G‘ijduvonga imkoniyat degani.

Bu Qadim Dovon davlatidan beda urug‘ini olib qishloq xo‘jaligi, samoviy otlarni olib logistika hamda harbiy salohiyati rivojiga hissa qo‘shgan elchi Chjan Syan uchun bugun xitoylik biznesmenlar Dovon (hozirgi vodiy hududi) davlati zaminida ma’naviy qarzdor degani.

Bu Vagashte va Kamangaron aholisi endilikda Urgut erkin iqtisodiy industrial zonasiga ishga ketayotib, “Qarang ro‘zg‘or dardida suv uchun yoqalashgan edik. Kim o‘ylabdi Urgut tog‘lari atrofida xorijiy qo‘shma korxonalar quriladi deb. Mana bo‘larkanku? ”-deya hayotdan rozi degani.

Bu boshqaruv diplomatiyasida Urgut ko‘ngliga yo‘l topib, xalqini birlashtirgandan ko‘ra, Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos yarashtirgani uchun Nobel olgan hukumat qo‘shinlari va Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlarini birlashtirish osonroq degani.

Bu endilikda Orlando, Damas yig‘ayotgan “Ming otlilar yurti” Xazoraspda ulkan korxonalar va texnologiyalarni olib kelayotgan investorlar goh-gohida daromadni hisoblash payti “Baraka topsin Al-Xorazmiy haliyam “0”ni yaratgan ekan, bo‘lmasa 100 dollar bilan 1000 dollar o‘rtasidagi farqni bilmay o‘tardik”-deya o‘ylaydi degani.

Bu farovonlik asoschisi Islom Abdug‘anievichning iqtisodiy islohoti bo‘lgan hududlarda iqtisodiy farovonlikni kafolatlash maqsadida xorij firmalariga “Otang yaxshi, onang yaxshi”- deya taklif etishning mantiqiy davomi degani.

- IHT yig‘ilishidagi O‘zbekistonning pozitiv takliflari aytildi.

Bu Al-Buxoriy jamg‘armasi huzurida xalqaro ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish orqali ajdodlarimizning dunyo tamaddunidiga ulkan hissasini o‘rganib balki, oftolmologiyaga Ibn Sino asos solgani, haykal qo‘yishga odatlanmagan Misrda nega Al-Farg‘oniy haykali o‘rnatilgani, Al-Beruniyning ummon orti farazidan ilhomlangan Kolumb sharafiga (Kolumbiya), Ameriko Vespuchchiga (Amerika) e’tirof nega Beruniyga kelganda to‘xtashini idrok etish payti keldi degani.

Bu Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkilotining maxsus kafedrasini Toshkent islom universiteti tarkibida tashkil etish orqali juma kuni azon, yakshanba kuni cherkov qo‘ng‘irog‘i yangragan O‘zbekistondagi bag‘rikenglik totuvlik andozasini keng dunyoga targ‘ib qilaylik degani.

Bu xalqaro maydonda 1993 yilda I.Karimov tomonidan “Markaziy Osiyo yadro hududidan xoli zona” iborasi aytilgan bo‘lsa, 2016 yilda Sh.Mirziyoyev tomonidan “Yaqin Sharq yadro hududidan xoli zona” taklifi dunyo jamoatchiligi e’tirofiga sazovor degani.

Bu vaqtida Nurchilar aslida diniy oqim ekanligi O‘zbekiston tomonidan isbotlanganda bizdan ranjigan Kichik Osiyolik qardoshimizga peshvoz chiqqancha: “Xush kelibsiz, ota yurtingizga. Mana sizga Ota yurtdan sovg‘a. Unutmang, farzand avliyo bo‘lib ketsa ham baribir ota yurti muqaddas. Kindigi shu er. Qurol ushlagan burgutga ko‘p ham ishonmang. Ota-bobong xumoga ishongan”-deya tinchlik ramzi Xumo qushi sovg‘a qilindi degani.

Bu O‘zbekistondan borgach, Rajab Erdog‘an universitet rektorlariga qarata: “Ishoning, Buxoro va Samarqandga maftun bo‘lmaslikning, hayron qolmaslikning iloji yo‘q. Shu jihati bilan Buxoroni Bursadan, Samarqandni Istanbuldan ayro tasavvur qilish mumkin emas. Keling, qulay vaqt topib talabalarimizni aynan o‘sha shaharlarga yuboraylik. Borsinlar, ko‘rsinlar. Ota makonimizdan uzilib qolib sarson bo‘lmaylik degani.

- O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amnistiya e’lon qilinishi

Bu Alloh bandasini kechirganda nega bandasi kechirmasligi kerak degan davlatning sof islomiy mafkura, g‘amxo‘rlikdan bugun “islom davlati”, “xalifalik”-deya chiranayotgan chiyabo‘rilar ozorlanyapti degani.

Bu beshikda etim qolgan, maktab partasida g‘amgin o‘tirgan qizing, sovchilarga nima deyishni bilmayotgan rafiqang, farzand diydori azobidan jon uzolmayotgan onaizor, bosh ko‘tarib ko‘chaga chiqolmayotgan otalar nolasi hurmati degani.

Bu xotiniga hatto hojatxona qog‘ozi-yu, tish pastasi buyurayotgan erkakka qarata: “Qachon, qamoqxona eshigiga suyanib qolgan onaizoring ko‘zyoshidan ibrat olasan, seni shahidlik, jannatga buyurgan nokaslar nega sendan oldin o‘zini portlatib jannati bo‘lmay, Maldiv orollaridagi maishatidan xulosa chiqarasan, sen vatanni sotding, ammo seni u sotmaganidan insofga kelasan” degani.

- “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi shaxsan Sh.Mirziyoyev tomonidan taklif etildi, tadbirkorlik faoliyatini yanada jadallashtirish himoya qilish bo‘yicha Farmon e’lon qilindi.

Bu 2015 yil yakuni bo‘yicha Singapurdan so‘ng dunyodagi eng xavfsiz davlat reytingida turgan O‘zbekiston yaqin yillarda korrupsiyani oldini olishda ham Singapurga yaqinlashadi degani.

Bu endilikda tibbiyot xodimining ta’magirligidan qiynalayotgan, kasalxona eshigidagi “Tibbiy xizmat bepul” yozuvidan bemorlarning ensasi qotmaydi degani.

Bu dorixonalardagi narx-navolar “diskotekasi”ni uyushtirayotgan “Alkimyogar”lar insofga qaytadi, yo muddati o‘tgan tabletkasini shimib yotadi degani.

Bu ilk marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorning beli sindirilmasdan unga ikkinchi marta imkoniyat beriladi, bozor munosabatlariga yo‘nalgan iqtisodning tub mohiyati kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni himoya qilish degani.

Bu “Xo‘sh, tushlik yaqin. Bugun qaysiga!”-degan ba’zi qonun nazoratchilari endilikda “Shoshma tadbirkorga “vstrechnaya proverka” taktikasini qo‘llasak o‘zimizni temir panjara yonida ko‘rmaylik degani.

- Qo‘shnichilikni mustahkamlash maqsadida Qirg‘iziston-O‘zbekiston delegasiyalari tashriflari, Tojikistonda esa Vaxsh vodiysida tadbirkorlar uchun seminarlar tashkil etildi.

Bu Markaziy Osiyoda etakchi bo‘lgan O‘zbekistonning “Qo‘shning tinch, sen tinch” hayotiy haqiqatini to‘g‘ri anglagan holda qo‘shnilarimizni chet el siyosiy o‘yinlariga qo‘shilmaslikka da’vati degani.

Bu “Qo‘shnilarimiz bilan aloqalarimizni kuchaytiramiz. Bizning yutuq ularning yutug‘i. Bizga hamkorlik kerak, raqobat kerak emas”-deya e’tirof etgan yangi millat sarboni so‘zlari isboti o‘laroq Tojikistonning “Somon-Eyr” va “O‘zbekiston Havo Yo‘llari” kompaniyasi do‘stligi qayta tiklandi, Dushanbe-Toshkent-Dushanbe yo‘nalishida samolyot qatnovi yo‘lga qo‘yilgach quda-anda kelinchakni samolyotda olib keladi degani.

Bu Andijonga kelgan qo‘shnilarimiz biz “demokratiya”ni orzu qilib, bir-birimiz bilan talashib yurgan bir paytda O‘zbekiston bosiqlik va donolik bilan ancha-muncha ishlarni qilib qo‘yibdi-deya hayratlangan birodarimizning iqrori degani.

Bu bunyodkor turkmanning oq sadafdek binolaridan dunyo hayratlangan bo‘lsa, endilikda turkman zaminida “Biz qadrlashimiz va yuksaltirishimiz zarur bo‘lgan muhim boylik – bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mavjud ishonchdir” vasiyati sharafiga Islom Abdug‘anievichga o‘rnatgan haykali bilan lol qoldirdi, “Islom Karimov” ko‘chasi, “Islom Karimov haykali” iboralari ilk bora Turkmaniston, Rossiyada ekan demak, tinchliksevar sarbon dunyo farzandi degani.

- 7 noyabr 2016 yil. Soat 11.30 . Toshkent xalqaro aeroporti.

Bu Boeing-787 Dreamliner AQShdan qaytayotganda Frankfurtda chigil yozmaydi, dispetcherlar esa “Nega o‘zbeklar qo‘nmayapti. E, ha. O‘zbekiston Boeing-787 Dreamliner” sotib olganmi? Endi bizda qo‘nmasdan uchadimi? Qoyil-e” degancha xuddi koreys futbol sharhlovchisidek hayratda degani.

Yurtdoshim! “Men hech narsadan qo‘rqmayman. Hayotimizni shunday relsga qo‘yamizki, u relsning o‘z manzili bor. Ozodlik. Farovonlik. Barqaror yashash”-degan qat’iy ishonch mohiyatini his etib yangi prezidentni sayladik. So‘nggi lahzagacha farzandini tarbiyalab kelgan ustozning sadoqatli shogirdiga ishondik. Beshigimizda ulg‘ayotgan go‘dakdan to nuroniy otaxon taqdiri kafolatlangan farovon O‘zbekiston uchun yo‘lga chiqqan sarbonga ergashdik.

2003 yil. Millat otasi—Islom Karimov O‘zbekiston Bosh Vaziri lavozimiga nomzod Shavkat Miromonovichni tanishtirar ekan, bir narsani tiladilar: “El yurtimiz yangi kelgan mehmon yoki rahbar bo‘ladimi, uning kelishi va qadam bosishini aynan shu nuqtai-nazar bilan baholaydi. Haqiqatdanam, rahbar ming bor tajribali, ming bor aqlli va o‘ta kuchli bo‘lishi mumkin. Lekin, qadami qutlug‘ bo‘lmasa, omadi kelmasa ish yurishmaydi. Mana shu minbardan turib, so‘zimni yakunlab aytmoqchiman. Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning omadini bersin, qadamlari qutlug‘ bo‘lsin!”

Yangicha demokratik dunyoqarash! Yangi marra, yangi hayratlar!

Qutlug‘ qadamlar uchun o‘zi balogardon bo‘lsin!

Jonibek Shuhratov

Manba: Diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Millat otasi: «Omadini bersin, qadami qutlug‘ kelsin» va boshqacha mulohazalar