
Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, o‘tgan olti oyda Jizzaxda sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida 200 ta loyiha ishga tushdi. Viloyatga 662 million dollar investitsiya kirib keldi. Natijadorlikni yanada oshirish maqsadida Jizzax viloyati, Zomin tumanida ham «Islohotlar shtabi» tuzildi.
Xususan, «yagona darcha» tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi xizmatlarini bitta joyga jamlagan «Agromarkaz» tashkil etildi. Hosildorlikni oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga ijobiy ta’sir etib, aholini ko‘proq daromad topishiga imkon yaratmoqda.
Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishga zamin qilib olinmoqda. Bugungi kunda Zomin ilmiy tajriba stansiyasida xorijiy va mahalliy seleksiyaga mansub 12 ta nav birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, dukkakli ekinlar ekish, Zarbdor tumanidagi kanalda nasos stansiyalari va magistral quvurlar qurish rejalari belgilangan.
Ta’kidlanishicha, Jizzaxning «Aydar-Arnasoy» ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida zamonaviy turizm markazi barpo etiladi.

- Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat qilyapmiz. Ilgari dasht bo‘lgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo‘lyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib boryapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud bo‘la oladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ko‘kdala tumanining yangi markazida san’at saroyi, san’at maktabi, umumta’lim maktabi va sport majmuasi yonma-yon barpo etilmoqda. Davlat rahbari bu bolalarga qulay bo‘lishini ta’kidlab, kelgusi loyihalarda shuni qo‘llash zarurligini aytgan edi. Endi shu tajriba asosida Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va san’at maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 o‘rinli bo‘lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan prezidentning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar